Unutishning davosi
27.1.2017 10472

     Bu hangomani ko‘pchilik eshitgan chiqar. Xullas, bir mast odam o‘zining soyasidanmi, boshqa biror sharpadanmi qo‘rqib, ko‘ngliga vahima tushibdi-da Allohga yolvora boshlabdi: “Yo Parvardigor, shu balodan qutqazsang, aroqni qaytib og‘zimga olmayman”. Bir amallab yorug‘roq joyga chiqib qarasa, hech narsa yo‘q emish. Xatardan xoli ekaniga ishonch hosil qilib olgach: “Odam mastlikda nimalar demaydi”, dermish.
     Bu hangoma davralarda kulgi uchun aytib yurilgan esa-da, uning zamirida katta hikmat bor. Buni bilgan biladi – bilmagan kulib yuraveradi...
   Binobarin, odamzod yaralibdiki, ko‘plab odamlar qattiq qo‘rqqanida yoki qiyin vaziyatga tushib qolganida Robbimizni xotirlab Unga yalvorib qoladi.
   “Qachonki, insonga zarar yetsa, Bizga yonboshlagan, o‘tirgan yoki turgan holida duo qiladir. Undan zararini ketkazsak, xuddi o‘ziga yetgan zarar haqida Bizga duo qilmagandek, ketaveradir...” (Yunus surasining 12-oyati)
    Olimlar inson kalimasi arabcha “nisyon”dan olingan deydilar. Albatta, bizga Robbimiz bergan har xususiyatning o‘zi hikmati bor. Shuningdek, unutish ham o‘rnida bo‘lsa, insonga foydali bo‘ladi. Faqat asl vazifamizni unutsak va Undan xabarsiz yashab umr o‘tkazsak, bu – biz bandalarning falokatimiz, zahmatimiz bo‘ladi.
    “Har bir jon o‘limni totguvchidir” (Oli Imron surasining 185-oyati), deyiladi oyat karimada. Insoniyat tarixida bu haqiqatni inkor etuvchi kimsa bo‘lmagan. Chunki Alloh taolo bandalariga ana shu haqiqatni eslatib qo‘yish uchun elchilar yuborgan. So‘nggi payg‘ambari Muhammad Mustafoga (s.a.v) tushirilgan Qur’oni karimda: “Hech bir jon ertaga nima kasb qilishini bilmas. Hech bir jon qaysi yerda o‘lishini bilmas” (Luqmon surasining 34-oyati), deya marhamat qilib o‘limga har doim tayyor turishimiz lozimligini ta’kidlagan.
   Qur’oni karim oyatlarining asosiy mavzusi Robbimizni va Robbimiz qoshiga boradigan kunni har doim xotirda tutishimiz va shunga ko‘ra hayotimizni yashamog‘imiz kerakligidir.
    Dunyoni Robbimiz yaratdi va ixtiyorimizga berdi. Faqat muayyan bir vaqtga qadar... va ana shu vaqt davomida undan go‘zal bir shaklda foydalanishimizni istadi. Unga butkul sohib bo‘lishimiz mavzusida so‘z yuritmadi. Ibni Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam bunday amr qildilar:
   “Dunyoda bir g‘arib, hatto yo‘lovchi kabi bo‘l! Oqshomga yetganingda tongni kutma. Tongga yetganingda oqshomni kutma! Salomat kunlaringda xastalanadigan vaqting uchun, tiriklik chog‘ingda o‘ladigan vaqting uchun tadbirli bo‘l!” (Buxoriy, Termiziy, ibn Moja)
   Vaqti-vaqti bilan bizlar ham bu dunyoning abadiy emasligini, bunda mehmon ekanimizni, asl yurtimiz oxirat dunyosi ekanini so‘zlaymiz. So‘zlaymiz-u, faqat bu ko‘pchiligimiz uchun so‘z holida qoladi. Aksaran dunyo hayotini farovon kechirish uchun yugurib-yelamiz va shu tariqa umrimiz nihoyasiga yetadi.
     Hazrati Anas roziyallohu anhu rivoyat etgan hadisda: “Rasululloh yerga bir necha chiziqlar chizdilar va ularni ko‘rsatib: “Bular insonning istak va orzulari, bunisi uning ajalidir. Inson orzular qanotida yashab yurarkan, bir qarasa, ularning eng yaqini bo‘lgan o‘lim chizig‘ining qarshisida turgan bo‘ladi”, dedilar (Buxoriy).
    Ajal har doim ortimizdan quvib yurgani holda dunyodan orzu-havaslarimiz shu qadar ko‘pki, ular bizni haqiqatdan chalg‘itib yuboradi. Ba’zan biror kishi vafot etganda ozgina sergak tortgandek bo‘lamiz. Lekin hech qancha vaqt o‘tmay hammasini unutib yana orzularimiz ortidan yugurib ketamiz. Holbuki, Allohning Rasuli: “Zavqlarni pichoq bilan kesgandek kesing, o‘limni ko‘p esga oling!” (Termiziy, ibn Moja) deganlarini bilamiz.
    “Dunyo so‘nggiga qarab boshini olib ketmoqda. Oxirot esa jadallab biz tomonga kelmoqda. Insonlar orasida dunyoni istaganlar ham, oxiratni istaganlar ham bor. Siz oxiratni istaganlar safida bo‘ling. Erta-indin demang. Bugun hisob kuni emas, ish kunidir. Ammo ertaga ish kuni bo‘lmaydi, faqat hisob kuni bo‘ladi”, dedilar hazrati Ali roziyallohu anhu.
    Mahallamizda to‘rt-besh odam ertalab yig‘ilishib oladi-da qosh qorayguncha narda o‘ynaydi. O‘tib-qaytganda ularga rahmim kelib: “Gemoray orttirib olasizlar”, deyman. Hazilga yo‘yib qo‘l siltab qo‘yishadi. Oh, agar shu odamlar shuncha ko‘p vaqtini ilmga, ibodatga yoki boshqa savobli ishlarga sarflaganida qanday yaxshi bo‘lardi, deb achinaman. Zotan, boshqalarni g‘iybat qilib vaqt o‘tkazish, narda, qarta o‘ynab vaqtni boy berish aqlli odamning ishi emas. Aqli butun odamning qo‘li ish bilan, tili va qalbi zikr bilan mashg‘ul bo‘ladi. Zotan, zikr – unutishning yagona davosidir. Qancha ko‘p zikr etsak, shuncha ko‘p eslaymiz va fazilatli insonlar qatoriga qo‘shilamiz.

 


Damin JUMAQUL, / www.musl;im.uz /

jurnalist

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216823
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24586
  • 19049
  • 12825
  • 15792