Rasululloh (s.a.v.) ning chiroyi qanday edi?
28.11.2016 9307

      Imom Busiriy rahimahulloh aytadilar: 

U sifatiyu surati mukammal bo‘lgan zot, 

Insonlar Xoliqi habib aylab tanlagan zot. 
Go‘zalligida sherikdan bo‘ldi munazzahi, 
Undadir ikkiga bo‘linmas go‘zallik javhari. 

 

     Qurtubiy aytadilar: “Rasulullohning go‘zalliklari biz insonlarga butunlayicha zohir bo‘lmagan. Agar mukammal zohir bo‘lganida edi, ko‘zlarimiz ul zotni ko‘rishga toqat qila olmas edi”. Rasululloh shaklu shamoyillari komilligi, ko‘rinishlari chiroyligiga dalolat qiladigan nabaviy hadislar va rivoyat qilingan asarlar[1] juda ham ko‘p. Shu e’tibordan, Alloh subhanahu va taolo u zotning sharafli badanlarini (go‘zallikda) ulardan oldin ham keyin ham o‘xshashi bo‘lmaydigan ko‘rinishda qilib qo‘yganiga iymon keltirish payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga to‘liq iymon keltirish sharti hisoblanadi. 

 

 

Sharafli yuzlari 

 

     Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzi eng chiroyli kishi edilar[2], xuddi quyosh yuzlarida yurgandek edi[3]. (Ya’ni, quyosh qanday o‘z falakida yursa, xuddi shunday go‘zallik ul zotning yuzlarida yurar edi). 
    Aliy roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mutohham (ya’ni, o‘ta semiz) ham mukalsam (ya’ni, o‘ta yumaloq yuzli) ham bo‘lmaganlar. Balki, yuzlarida birozgina dumaloqlik bor edi[4]. 
     Oisha onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon xursand bo‘lsalar, yuzlari xuddi oyning bo‘lagidek chaqnar edi”[5]. 
     Abu Bakr Siddiq va Ka’b ibn Molik aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlari xuddi oyning doirasidek edi”. 
     Abu Tufayldan bizlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sifatlab bering, deb so‘rashganlarida: “U zot oq (tiniq) rangli, yuzlari chiroyli kishi edilar. Agar xursand bo‘lsalar, yuzlari xuddi oynadek chaqnar va go‘yoki to‘lin oy u zotning yuzlarida ko‘rinib turgandek bo‘lar edi[6]”. 
     Jobir roziyallohu anhu aytadilar: “Ul zotning yuzlari xuddi quyosh bilan oyga o‘xshardi. Yuzlari doira shaklida edi[7]”. 
     Anglaganingizdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sifatlagan sahobalar bir ovozdan u kishining yuzlari nurli, yorqin hamda nur sochib turuvchi yorqin ziyo va go‘zallik ila barq urib turuvchi bo‘lganini ta’kidlamoqdalar. 
     Hasan ibn Aliy tog‘alari Hola ibn Abu Holadan rivoyat qilgan hadisda shunday deganlar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘rkam, yuksak hurmatli kishi edilar. Yuzlari xuddi to‘lin oy kechasi oyning charaqlaganidek porlab turar edi[8]”. 
      Jobir ibn Samura oy yorishgan kechada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rib shunday degan ekanlar: “Men bir u zotga bir oyga qaray boshladim. Aniq ayta olamanki, u zot oydan ham go‘zalroq edilar[9]”. 
    Robi’ binti Mu’avvizdan bizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sifatlab bering, deb so‘rashganida: “Ey o‘g‘illarim, agar u zotni ko‘rganingizda edi, xuddi porlab chiqayotgan quyoshni ko‘rgandek bo‘lardingiz”, deb javob berganlar[10]. 
    Ummu Ma’bad ham nabiy alayhissalomni sifatlab shunday degan ekan: “Men pokiza, go‘zal xulqli, yuzi chiroyli, xushro‘y kishini ko‘rdim[11]”. 
    Hamadonlik bir ayol: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga haj qilganman”, deb aytganida: “U zotni bizga vasflab bering”, deb so‘rashdi. Ayol: “U zot xuddi to‘lin oy kechasidagi oyga o‘xshaydilar. Men Rasulullohdan oldin ham keyin ham u zotga o‘xshashini ko‘rmadim”, deb aytgan[12]. 

 

Yanoqlari 

 

     Ul zot sollallohu alayhi vasallamning sharafli yanoqlariga kelsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yanoqlari tekis edi (ya’ni, do‘ppayib ham turmagan, shishlik ham bo‘lmagan). 

 

Ko‘zlari 

 

      Ul zot sollallohu alayhi vasallamning sharafli ko‘zlarini Alloh taolo shunday sifatlaydi: 

 

مَا زَاغَ الْبَصَرُ وَمَا طَغَى (17) 

 

     “(Payg‘ambarning) ko‘zi (chetga) og‘gani ham yo‘q, o‘z haddidan oshgani ham yo‘q”. 
     Sahih hadisda rivoyat qilinganki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kunduzda qanday ko‘rsalar, zulmatli qorong‘u kechada shunday ko‘rardilar. Shuningdek, old tomonlarini qanday ko‘rsalar, orqa tomonlarini ham xuddi shunday ko‘rar edilar. 
     Ibn Abu Holadan rivoyat qilingan hadisda: “Rasululloh qarasalar, tanalari bilan butunlay burilib qarar edilar. Rasululloh nazarlari pastga qaragan kishi edilar, (ya’ni, nazarlari yuqoridan ko‘ra pastki tomonga ko‘proq qarar edilar). Qarashlari mulohazali edi[13]. (Ya’ni, fikr yuritgan kishidek, qarardilar). 
     Aliy roziyallohu anhu aytadilar: “Nabiy alayhissalom ko‘zlari katta-katta, uzun kiprikli hamda ko‘zlari qizilga moyilroq (ya’ni, qizg‘ishroq) kishi edilar”[14]. 
     Boshqa bir rivoyatda: “Ko‘zlari tim qora edi”, deyilgan[15]. Yana bir rivoyatda esa: “Ko‘zlarining oqida biroz qizilligi bor edi”, deyilgan[16]. Ko‘zning oqida qizilligi bor bo‘lishi arablarda maqtalgan, mahbub ko‘rilgan edi. 

 

Boshlari va peshonalari 

 

     Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning peshonalari keng edi. Bu borada kelgan hadislarning lafzlari turli bo‘lsa-da, barchasi bir ma’noda kelgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshlari (o‘rtachadan) kattaroq edi. Aliy roziyallohu anhuning bu borada rivoyat qilgan hadislari ham shu ma’noda. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qoshlari uzun, yoysimon va ingichka, bir-biriga birlashib yopishmagan edi. 

 

Burunlari 

 

     Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qirra burunli[17] edilar. 

Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) komil inson kitobidan Baratov G‘iyosiddin tayyorladi 

------------------------------------------------------------------

[1] Sahobalarning yoki tobeinlarning so‘zlari. 

[2] Ikki shayx, ya’ni Imom Buxoriy va Imom Muslimning Baro ibn Ozib (roziyallohu anhu)dan rivoyatlari. 

[3] Imom Termiziyning Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyatlari 

[4] Imom Termiziy rivoyati. 

[5] Shamoil egalari rivoyat qilgan. 

[6] Imom Muslim rivoyati. 

[7] Imom Muslim rivoyati. 

[8] Imom Termiziy rivoyati. 

[9] Imom Termiziy rivoyati. (Sahih). 

[10] Imom Termiziy va Imom Bayhaqiy rivoyatlari. 

[11] Imom Bayhaqiy va Imom Hokim rivoyatlari, Imom Hokim sahih, deganlar. 

[12] Termiziy rivoyati. (Shamoil kitoblarida). 

[13] Imom Termiziy rivoyati (“Shamoil”da). 

[14] Bayhaqiy rivoyati. 

[15] Imom Termiziy rivoyati. 

[16] Imom Muslim rivoyati. 

[17] Qirra burun - burunning yuqori qismi sal ko‘tarilgan, o‘rtasida ozgina egiklik bor, burun suyagining o‘rtasi bo‘rtib chiqqan hamda burun teshigi tor bo‘lganidir.

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216318
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24551
  • 19003
  • 12793
  • 15756