HOJI ZIYNATLANIShI KERAK BO‘LGAN ODOBLAR
8.9.2017 3675



Aslida ibodatlar insonni tarbiyalash, yomon xulqlarni tark qilib yaxshi sifatlar bilan xulqlanishini taminlash uchun joriy qilingan. Bu haqda Alloh Qur’onda shunday marhamat qiladi:

45] إِنَّ الصَّلَاةَ تَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنْكَرِ [العنكبوت :

 

«Namoz fahsh va munkar ishlardan qaytaradi».

 

Haj ham xuddi shunday. Inson gunohlardan batatmom poklangach, uning qalbi musaffolashadi va undan faqat va faqat yaxshilik va ezgulik chiqadi.

 

Bizdan ko‘pchilik haji mabrur haqida so‘rashadi.

 

Hajdan uyiga qaytganidan keyin bugungi suhbatimizda aytiladigan sifatlar qaysi hojida topilsa, ana o‘shaning haji haji mabrur bo‘ladi.

 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haji mabrurning mukofoti haqida:

 

الْحَجَّةُ الْمَبْرُورَةُ لَيْسَ لَهَا جَزَاءٌ إِلَّا الْجَنَّةُ

 

«Mabrur ya’ni beg‘ubor hajning mukofoti jannatdan boshqa narsa emas», deganlar.
Hajdan qaytgan hojilarda topilishi kerak bo‘lgan xulqlar

Birinchi:

 

Aziz hojilar birinchi navbatta shuni yoddan chiqarmanglarki, sizlar endi falonchi emas, balki falonchi hoji bo‘ldingiz. Bu degani oldingi qilib yurgan ba’zi yomon odatlaringni tark qil, degani. Chunki endi xalq odob, axloqni sizdan o‘rganadi. Sizni o‘ziga namuna va andoza qilib oladi. Shunday ekan, yurtimizga qaytgandan keyin har bir hoji ushbu mas’uliyatni his qilishi va o‘zining go‘zal xulqi bilan bolalarni tarbiyalashi kerak!

 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam go‘zal xulqli edilar va ummatlarini ham shunga targ‘ib qilar edilar. Muborak hadislarida go‘zal xulq insonga katta ajrlar olib kelishini bayon qilib shunday dedilar:

 

« إِنَّ الْمُؤْمِنَ لَيُدْرِكُ بِحُسْنِ خُلُقِهِ دَرَجَةَ الصَّائِمِ الْقَائِمِ ».

 

«Mo‘min go‘zal xulqi bilan kunduzlari soim-ro‘zador, tunlari esa qoim-tahajjud o‘quvchi kishining darajasini topadi».


Ikkinchi:

 

Hoji ziynatlanishi kerak bo‘lgan keyingi odob bu so‘kinish, la’nat aytish va yolg‘on gapirishdan yiroqda bo‘lish. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada bizlarga shunday deganlar:

 

عَنْ مُجَاهِدٍ قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : " إِنَّ الْمُؤْمِنَ لا يَكُونُ لَعَّانًا وَلا فَحَّاشًا وَلا كَذَّابًا " .

 

«Mo‘min la’natlovchi, uyat-fahsh so‘zlarni so‘zlovchi va yolg‘onchi bo‘lmaydi».

 

O‘zi, aslida, musulmon kishiga ushbu uchta yomon xislat umuman yarashmaydi. Endi u hoji bo‘lsa, bu yanada ehtiyot bo‘lishi kerak.
Alloh barchaga chiroyli muomilada bo‘ltishga chaqirib shunday degan:

 

83} وَقُولُوا لِلنَّاسِ حُسْنًا {البقرة:

 

«Insonlarga faqat chiroyli so‘zlarni aytinglar».

 

Biz namuna olishimiz kerak bo‘lgan Habibimiz sollallohu alayhi vasallam umuman uyat so‘zlar, so‘kinish va yolg‘on gapirmaganlar.

Uchinchi:

 

Oxiratni o‘ylaydigan bo‘lishi kerak. Hasan Basriy rahmatullohi alayhdan haji mubrurning alomatlari haqida so‘raganda:

 

أن تعود زاهدًا في الدنيا، راغبًا في الآخرة

 

«Hajdan dunyoga nisbatan zohid va oxiratga nisbatan obid bo‘lib qaytishi, hajining mabrur bo‘lganining belgisidir», deb javob bergan ekanlar.

 

Demak, hoji odam dunyoparas, dunyoni deb oxirat amallarini tark qilib qo‘yadigan, oxirat ishlariga beparvo bo‘ladigan inson bo‘lmasligi kerak.
Chunki hojini shayton oxirat ishidan chalg‘itmoqchi bo‘lganida, u Allohning uyini, arafotda turganini, shaytonga tosh otganini eslab uning vasvasasiga uchmaydi.

To‘rtinchi:

 

Hoji ziynatlanishi kerak bo‘lgan keyingi odob taqvodor bo‘lishdir. Hoji taqvodorlikda hammaga namuna bo‘lishi kerak. Alloh Qur’onda Hojilar so‘yadigan qurbonlik haqida gapirib, uning ketidan ular xulqlanishi kerak bo‘lgan eng oliy sifatni eslatib o‘tadi. 

 

37]لَنْ يَنَالَ اللَّهَ لُحُومُهَا وَلا دِمَاؤُهَا وَلَكِنْ يَنَالُهُ التَّقْوَى مِنْكُمْ [الحج:



«Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar».

 

Ushbu oyatda buyurilgan ishning suratiga emas, mohiyatiga e’tibor qaratish lozimligini uqtirmoqda.
Aslida taqvo sifati barcha mo‘minlarda topilishi kerak. Hojida esa bu sifat ikki hissa ko‘proq bo‘lishi kerak.

Beshinchi:

 

Hoji iynatlanishi kerak bo‘lgan beshinchi sifat bu siylayi rahmga qattiq e’tibor berishidir.
Alloh Qur’onda o‘zidan yiroq bo‘lgan qavmlarni zikr qilib, ulardagi eng yomon sifatni bayon qilishgan.
Hajga borib kelgan mo‘min odam Allohga eng yaqin bo‘lishi kerak. Buning uchun esa Allohdan eng yiroq bo‘lgan qavmning odatidan yiroqda bo‘lishi va siylayi rahmni chiroyli yo‘lga qo‘ygan bo‘lishi kerak.

Oltinchi:

 

Hoji qalbi va yuzi iymoning nuri ila nurafshon bo‘lgan, hamisha boshqalarga yaxshilik ulashadigan inson bo‘lishi kerak. Xususan qo‘ni-qo‘shnilariga mehribon, ularning holidan xabar oladigan inson bo‘lishi kerak.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida oxiratga iymon keltirgan mo‘minni vasfini bayon qilib shunday deganlar:

 

«مَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ فَلَا يُؤْذِ جَارَهُ

 

«Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga ozor bermasin!».

Yettinchi:

 

Hojining yana eng muhim bo‘lgan sifatlaridan biri bu mehmondo‘slik sifatidir. Mehmonni yaxshi kutib olish, ularning oldiga uyidagi bor narsadan qo‘yish, ortiqcha takallufsiz samimiy muomila qilish va ularning kelganidan xkrsand bo‘lish hojining boshqalardan ajralib turadigan sifati bo‘lishi kerak.

 

Habibimiz sollallohu alayhi vasallam kelgan mehmonni hurmat qilar va uni izzat ikrom qilib jo‘natar edilar.
Mehmonga yomon munosabatta bo‘lishdan qaytarib shunday degan edilar:

 

وَمَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ فَلْيُكْرِمْ ضَيْفَهُ

 

«Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mehmonini ikrom qilsin!».

Sakkizinchi:

 

Kirishimli bo‘lish. Hoji odam shunday bo‘lishi kerakki, boshqalar u bilan bemalol do‘stlashadigan darjada tabiati kirishimli va yumshoq bo‘lishi kerak.

 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida:

 

عَنْ جَابِرٍ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : " الْمُؤْمِنُ يَأْلَفُ وَيُؤْلَفُ ، وَلا خَيْرَ فِيمَنْ لا يَأْلَفُ وَلا يُؤْلَفُ

 

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘min do‘st tutinadi va boshqalar ham u bilan do‘st bo‘ladi. Do‘st tutinmaydigan va boshqalar ham u bilan do‘stlashmaydigan insonda yaxshilik yo‘q», dedilar».
Agar xulqingiz sababli kimlardir siz bilan do‘stlasha olmayotgan bo‘lsa, yoki o‘zingiz birov bilan shu xulqingiz sababli do‘slasha olmayotgan bo‘lsangiz bu qo‘rsligingizni tashlang va haqiqiqiy mo‘min bo‘lib insonlar bilan do‘stona munosabatda bo‘ling.

To‘qqiznchi:

 

Hoji odam hamisha boshqalarga manfaat yetkazish g‘amida yurishi kerak. Zero, hoji odam Allohning uyini, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tug‘ulib o‘sgan yurtlarini, dafn qilingan muborak qabrlarini, arafotni va boshqa oxiratni eslatadigan joylarni ziyorat qilgan. U oddiy musulmondan ko‘ra savob ishlarni qilishda g‘ayratchan bo‘ladi. Unda o‘ziga ravo ko‘rgan narsani boshqalarga ravo ko‘rish tuyg‘usi kuchli bo‘ladi.

 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadisda:

 

إنَّ لِلَّهِ عِبَادًا خَلَقَهُمْ لِحَوَائِجِ النَّاسِ، تُقْضَى حَوَائِجُ النَّاسِ عَلَى أيْدِيهِمْ، أُولَئِكَ آمِنُونَ مِنْ فَزَعِ يَوْمِ الْقِيَامَةِ«.

 

«Allohning shunday bandalari bor. Alloh ularni insonlarning hojatlarini chiqarish uchun yaratdi. Insonlarning hojatlari o‘shalarning qo‘llarida chiqariladi. Ular qiyomat kunining dahshatidan omonda bo‘ladilar», dedilar».

 

Shuning uchun Hasan Basriy rahmatullohi alayh odamlarning hojatini chiqarish muhimligini bayon qilib shunday deganlar:

 

"لأنْ أَقْضِيَ لِمُسْلِمٍ حَاجَةً أَحَبُّ إلَيَّ مِنْ أنْ أُصَلِّيَ أَلْفَ رَكْعَةٍ"

 

«Bir musulmoning hojatini chiqarib, unga manfaat yetkazishim men uchun ming rakat nafl namozni o‘qishdan ko‘ra yaxshiroqdir».

O‘ninchi:

 

Munkar ishni ko‘rganda uni qaytaradigan bo‘lishi kerak. Hoji bo‘lib kelgan odam o‘zini daxildor his qilishi, jamiyatdagi bir xatoni ko‘rganda undan ko‘z yumib ketmasdan, o‘sha joyning o‘zida hikmat bilan bu illatni davolashi lozim.

 

Zero, habibimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida bu haqda shunday degan edilar:

 

مَنْ رَأَى مِنْكُمْ مُنْكَرًا فَلْيُغَيِّرْهُ بِيَدِهِ، فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِلِسَانِهِ، فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِقَلْبِهِ وَذَلِكَ أَضْعَفُ الإِيْمَانِ».

 

«Kimki nojo‘ya ishni ko‘rsa, qo‘li bilan o‘zgartirsin. Agar unga qodir bo‘lmasa, tili bilan o‘zgartirsin. Agar unga ham qodir bo‘lmasa, qalbi bilan o‘zgartirsin. Mana shu (uchinchisi) iymonlarning zaifidir».

 

Xulosa qilib aytganda, har bir hoji, yurtboshimiz ta’birlari bilan aytganda, ma’naviyatli va odamlarga namuna bo‘ladigan komil musulmon bo‘lishi kerak!

 

Alloh barcha mo‘minlarni xususan hojilarimizni yuqorida sanab o‘tilgan go‘zal sifatlar bilan ziynatlasin! Yurtimizni tinch yurtboshimizni omon qilsin!

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216186
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24531
  • 18990
  • 12784
  • 15748