Onaxon, axlatni suvga tashlamang!
23.1.2017 7583

   Har kuni Nurafshon ko‘chasidan anhor yoqalab yuraman. Toza, sarishta joylar. Ayniqsa, yoz faslida u yerdan o‘tishning gashti bo‘lakcha. Ishdan qaytishda anhor bo‘ylab piyoda qaytaman. Bir tanishim aytganidek, “o‘ylab olish uchun” ham piyoda yurishni yaxshi ko‘raman.
    Yaqinda suv yoqalab, xayollarga cho‘mib ketayotgandim. Bir pay “chalop” etgan ovoz eshitildi. Qarasam, anhorda katta qora sellofan paket. Ichi to‘la axlat suvda qalqib, suzib ketayapti. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, anhorning nariga qirg‘og‘ida taxminan 60-65 yoshlardagi supurgi ko‘targan onaxon qolgan-qutgan chiqindilarni suvga uloqtirayapti. To‘g‘risi, bundan qattiq jahlim chiqdi. Bir ko‘nglimda gapirsammikan, deb xayol qildim. Lekin o‘zbekona andisha ustun chiqdi—aytolmadim. Bir qarorga kelgunimcha, onaxon darvozasidan kirib ketdi.
    Bu holat ko‘nglimni xira qildi. Umuman, duch kelgan joyga chiqindi tashlaydigan, ayniqsa, suvga axlat oqizadigan odamlarga toqat qila olmayman. Bu, menimcha, bolalikdagi tarbiyaning ta’siri. Uyimizning yaqinidan katta zovur oqib o‘tgan. Yoz faslida bolalar bilan maza qilib cho‘milardik. Idish-tovoq, mol-qo‘y va ro‘zg‘orga ham shu anhorning suvidan foydalanilar edi. Ayrimlar uchun ichimlik suvi ham edi. Biz esa mahallamizga maxsus suv tashish mashinasida olib kelinadigan suvdan sotib olib, ichardik. Uni Oqsuv derdik. Tog‘lardan oqib keladigan bu suv juda shirin, ta’mi ham boshqacha. Yerdan sizib chiqqan anhordagi zah suvidan keskin farq qiladi. Xullas, shu zovurning yaqin atrofdagi xonadonlar uchun ahamiyati katta edi(hozir ham shunday).
    Maxsus chiqindi tashlash joy bo‘lmagani uchun qo‘ni-qo‘shnilarimiz ko‘prik yoniga, anhor yoqasiga axlat tashlashni o‘rganib oldi. O‘sha paytda rahmatli bobom shifoxonada davolanayotgan edilar. Shifoxonadan qaytib, uni ko‘rib qoldilar. Keyin farosatsizlarcha suv yoqasiga axlat tashlagan odamlarni bo‘ralatib so‘kdilar. “Qanaqa befahm odamlar bor-a. O‘zi foydalanadi, bolalari cho‘miladi, idish-tovog‘ini yuvadi, kerak bo‘lsa, ichadi. Axlatni turgan-bitgani kasallik, mikrob-ku!”, dedilar. Va bizni chaqirib, tozallatirdilar. Tabiiyki, bundan hamma qo‘shnilar boxabar bo‘ldi. Keyin bizga “Kim axlat tashlaganini ko‘rsanglar, menga aytasizlar. O‘zim gaplashaman o‘sha befarosat bilan”, dedilar. Shundan keyin axlat tashlash to‘xtadi. Bobomning shu kabi tutumlari bizga singgandir, ehtimol.
    Ana endi anhorga axlat tashlagan onaxon haqida. Nahotki, bir umr shu anhorni bo‘yida yashab, shu yoshga kirib, suvga chiqindi tashlamaslik haqida bilmaydilar? Bunga ishonish qiyin. Chunki hamma o‘zbek xonadonida bu haqida obdon uqtiriladi. Xo‘sh, xonadonning ulug‘lari shunday ish qilsa, bolalari qanday bo‘ladi? Javobini o‘zingiz yaxshi bilasiz: Katta arava qayerdan yursa, kichigi ham shu yerdan yuradi.
    Balki tashlashga joy yo‘qdir, dersiz. Mening xayolimdan ham shunday fikr o‘tdi. Lekin kecha “Maxsustrans”ning chiqindi tashiydigan transportini ko‘rdim. Yigitlar mahallaning chiqindilarini ortishayotgandi. Gaplarim isboti sifatida rasmga ham tushirib oldim.
   Hukumat million-million pul ajratib, Nurafshon ko‘chasini ochdi. Odamlarning baxri dili ochilsin, deb atrofini ko‘kalamzorlashtirdi, atrofini obod qildi. Bularning hammasi biz uchun, shu el, shu xalq uchun. Lekin hamma ham buni anglamaydi, qadriga yetmaydi. Vaholanki, dunyodagi qancha-qancha joylar suvga zor, turgan-bitgani sahro, cho‘l. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, degani shu-da. E’tibor qilsam, onaxonga o‘xshab anhorga yoki uning chetiga axlat tashlaydiganlar kamemas ekan. Suvdan oqib keladigan yoki anhor bo‘yi tashlangan chiqindilar gapimning isboti.
   Azizlar, chiqindilarning tabiatga, undan ham odamga qanchalar zarar ekanini aytib, turli raqamlaru statistikalar bilan boshingizni qotirmoqchi emasman. Internetga kirsangiz, bu haqida istagancha ma’lumot o‘qishingiz mumkin. Bobom ko‘p bor ta’kidlardilar, “It ham xatto joyini dumi bilan supirib, keyin yotadi”, deb. O‘zimiz yashaydigan, bolalarimiz o‘ynaydigan joyni ozoda tutaylik. Ayniqsa, anhorlarga chiqindi oqizmaylik, iltimos. Hech kim ko‘rmagani bilan jazodan qutulib qola olmaysiz. Siz tashlagan axlat sabab bo‘lib, kimdir ozor topsa, kasal yuqtirsa, gunohi sizning bo‘yningizda. Bu aniq!

 

Muslim Mirzajonov

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216385
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24553
  • 19010
  • 12794
  • 15757