Mir Arab madrasasining barokat siri
15.12.2016 10780

   Madrasa musulmon dunyosi ulamolari, maktabdor, mudarris, qozilar masjid imomlari va turli darajadagi davlat amaldorlari tayyorlaydigan oliy va o‘rta darajali o‘quv yurtidir. Madrasalarda qadimdan diniy ilmlar: Qur’on, hadis, tafsir, fiqh bilan birga dunyoviy va tabiiy fanlar: arab va fors tillari: adabiyot, falsafa, mantiq, tarix, jug‘rofiya, riyoziyot, handasa, kimyo, tibbiyot, astranomiya, muhandislik kabi fanlar o‘qitilgan. Hozirda ham barcha musulmonlar mamlakatlarida madrasalarda diniy ta’lim bilan birga dunyoviy fanlar o‘qitilmoqda.
   Tarixda Turon, Movarounnahr, O‘rta Osiyo, endilikda Markaziy Osiyo deb atalayotgan ko‘hna Turkiston juda qadim zamonlardan buyon farzand tarbiyasi, uni o‘qitib savodli qilish bobida, hech bir mubolag‘asiz, dunyodagi eng ilg‘or oldingi o‘rinlardan birini egallaydi. O‘zining o‘lmas asarlari, buyuk kashfiyotlari bilan jahon ilm-fani va madaniyatining rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan Imom Buxoriy, Iso atermiziy, Muso Xorazimiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Farobiy, Burhonuddin marg‘iloniy, Mahmud Zamaxshariy, Bahouddin Naqshband, Ahmad Yassaviy, Sharofiddin Ali Yazdiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek,Alisher Navoiy, Zahriddin Muhammad Bobur kabi yuzlab, minglab buyuk siymolarni huddi shu turkiston zamini, uning maktab va madrasalari yetishtirib bergan. XVI asrdayoq Zahriddin Muhammad Bobur bu haqda: Hazrat risolat zamonidan beri ul miqdor aimman islomkim, Movarounnahrdan paydo bo‘lubdur, hech viloyatdin ma’lum emaskim, muncha paydo bo‘lmish bo‘lgay .
   Hozirgi kunda nafaqat musulmon olamida, balki dunyodagi eng nufuzli oliy dargohlardan biri 972 yili ochilgan Qohiradagi al-Azhar madrasasi, 1065-yili qurilgan Bog‘doddagi Nizomulmulk madrasasi eng qadimiy madrasalardan hisoblanadi.
   Turkiston madrasalari islom dunyosida yuksak darajali din arboblarini yetishtirish va turli sohalarni o‘rganish va o‘rgatish markazlari bo‘lib hizmat qildilar. Turkistonda X – XII asrlarda tashkil qilingan madrasalardan 17 tasi samarqandda edi .
   Madrasalar Turkistonning barcha shahar va qishloqlarida keng yoyilgan bo‘lib, ularni qurdirgan va mablag‘ bilan ta’minlab turgan kishilarga qarab uch toifaga bo‘lish mumkin:
    Xon madrasalari – xon, uning oila a’zolari, saroy amaldorlari tomonidan qurdirilgan yirik madrasalar. Asosan poytaxt bo‘lgan shaharlarda qurilgan. Vaqf mulki va daromadi katta bo‘lganligi uchun talabalar soni ko‘p. Masalan: samarqanddagi 1525 yili Shayboniyxonning o‘g‘li Muhammad temurxonning xotini Mahdi ulyo honim qurdirgan Shayboniyxon madrasasi, Toshkentda 1550 yillarda Buxoro amiri Baroqxon qurdirgan madrasa, Qo‘qonda 1858 yili Xudoyorxon tomonidan qurdirgan “Ali” madrasasi va hokazo.
    Eshon madrasalari – islom dinidagi tasaffuv tariqatining diniy rahnomalari eshonlar, pirlar, shayxlar tomonidan qurdirilgan katta madrasalar. Bu madrasalar eshonlarning muridlaridan tushgan xayr-ehsonlari va ularning mehnati bilan qurilgan. Yirik vaqf mulki va daromadiga ega. Masalan: Toshkentda 1458 yili Xo‘ja Ahror Valiy qurdirgan “Xo‘ja Ahror” madrasasi, 1855 yili Naqshbandiya tariqatining shayxi Abdulqosimning “Abdulqosim eshon” madrasasi, Andijonda 1841 yili Xalfa Aziz eshon tomonidan qurdirilgan “Xalfa Aziz” madrasasi, Qo‘qondagi 1801 yili Hasanhuja Eshon o‘g‘li tomonidan qurdirilgan “Buzrukxo‘ja Eshon” madrasasi.
    Xususiy madrasalar – juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Yirik yer egalari boylar, savdogarlar va badavlat kishilarning boshchiligida qurilgan madrasalar. Ko‘proq hashar yo‘li bilan savobi tegishi uchun, obro‘ orttirish, yaxshi nom qoldirish uchun qurilgan.
    Madrasalarga mudarrislarni xon yoki beklar tayinlashgan. Mudarrislikka da’vogar shaxs avvalo shayxulislom, qozikalon, a’lam, muftiy va boshqa olimu-ulamolar ishtirokida imtihondan o‘tkazilgan. Ayniqsa, Mirzo Ulug‘bekning bu sohada tutgan ishi ibratlidir. Mirzo Ulug‘bek Samarqandda bunyod etgan madrasasida mudarrislikka da’vogar bo‘lgan Muhammad Havofiyni to‘qsonta donishmand olim ishtirokida imtihon qilgan. Barcha javoblarga ma’qul va maqbul javob olgandan so‘ng mudarris etib tayinlangan. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlar xon yoki amir yorliqlari bilan mudarrislikka tasdiqlanib, muayayan madrasalarga ishga yuborilgan. Mudarrislarning bir qismi o‘z vazifalarini bajarish bilan birga qozilik, a’lamlik yoki muftilik vazifalarini ham bajargan.
    Madrasada o‘quv ishlarini tashkil qilish muhim ahamiyatga ega hisoblangan. Talabalarni o‘qiyotgan kitoblari va o‘zlarining istak intilishlari sa’y harakatlari hamda o‘zlashtirish darajasiga qarab uch boshqichga bo‘lib o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan:

 

Adno – qo‘yi bosqich hisoblanib, endigina ibtidoiy maktabni tamomlab madrasadagi birinchi kitob “Avvali ilm” asarini boshlagan talabadan to “Aqoid”ni o‘rganayotgan talabalar kirgan.

 

Avsat – o‘rta bosqich hisoblanib, bu bosqich talabalari “Aqoid”ni tamomlab “Mulla Jalol”gacha bo‘lgan kitoblarni o‘qigan.

 

A’lo – yuqori bosqich talabalari bo‘lib, talabalar “Mulla Jalol”dan “Matni-Faroiz” asarlarini o‘rgangan.

 

    Madrasada har bir bosqichda qancha muddat o‘qish qat’iy belgilanmagan. Bu narsa ko‘proq talabalarning o‘ziga va mudarrisning bilimdonligiga bog‘liq bo‘lgan. Talabalarning har bir bosqich uchun belgilangan asarni o‘zlashtirganligiga qarab bosqichdan bosqichga o‘tkazilgan. Odatda bir bosqichda 3-4 yil o‘qiganlar. Ba’zan turli sabablarga ko‘ra 10 yillab bir bosqichda qolib ketgan talabalar ham bo‘lgan. Zehni o‘tkir harakatchan, o‘z ustida ko‘p ishlaydigan qobiliyatli talabalar madrasani 6-7 yildayoq tamomlaganlar.
    O‘qish davrining ma’lum bir muddati bo‘lsaganligi sababli, talabalarning yoshi ham ko‘p hollarda bir-biriga to‘g‘ri kelmagan. Madrasada 13-15 yoshli o‘spirinlar bilan birga 50-60 yoshlik kishilar birga o‘qiyverganlar. Arxiv ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyati Katta qo‘rg‘on shahridagi madrasada 125 talabadan 76 tasi 15-25 yoshda 23 tasi 26-40 yoshda 26 tasi 41-60 yoshda bo‘lgan. Hatto Andijondagi Jome’ madrasasini borib ko‘rgan rus amaldori N. A. Bobrovnikov u yerda 63 yoshli ilm tolibini uchratganligini hayrat bilan qayd qilib o‘tgan.

 

Mir Arab madrasasi.

 

    Mazkur tarixiy obida xijriy 936-942, (melodiy 1530-1536) yillarda shayx Abdulloh Yamaniy sharafiga Buxoro hukmdori Ubaydulloxon tomonidan qurdirilgan. Madrasa masjidi jome’ qarshisida joylashgan bulib,uning qurilishi masjiddan ancha farq qiladi. O‘rta Osiyo diniy maktablari qurilishida qullanilgan an’anaviy usullar bu madrasa arxitekturasida ham o‘z ifodasini topgan.
    Chorsi hovlining atrofida ikki qavatli hujralar qatori, xar qator o‘rtasida qaddi raso peshtoqli ayvonlar joylashgan. Madrasaning oldingi qismi ancha murakkab. Miyon saroyning ikki yonida ikki xonaqo-darsxona va masjid bor. Sharq tomondagisi maqbaraga aylantirilgan.Xonaning o‘rtasida Ubaydulloxonning yog‘ochdan yasalgan sag‘onasi joylashgan. Janub tomonidagi xona masjid uchun mo‘ljallangan. Madrasaning bosh fasadi markazda yarim sakkiz qirrali ravoqdan iborat baland peshtoq bo‘lib, uning ichkarisida katta darvoza, peshtoqning ikki yonida esa ikki qavatli hujralar mavjud. Madrasa qurilishi o‘zidan ilgari qurilgan Buxorodagi Ulug‘bek madrasasidan ancha murakkabligi bilan farq qiladi. Hovlining burchaklaridagi hujralarga kiriladigan qulay ravoqli eshiklar, qirrador kosasimon tokchalar,murakkab iroqi bezaklar bularning xammasi XVI asr madrasasi tipini egallaydi. Katta xonalarning ichi ayniqsa, diqqatga sazovor: turt tarafda baland ravoqli chorsi xona, tepasi ravoqlar kesishini oqibatida qalqonsimon iroqi shaki joylashgan. Gumbaz o‘rtasi esa fonusdek. mayda darchalar orqali tushgan yorug‘lik xonaga ulug‘vor ko‘rinish baxsh etadi.
    Hazrat Mir Arab (q.s.) naqshbandiya tariqatining ulug‘ piri murshidi, sohibkaromat avliyo, ulkan tarbiyachi edilar. Mir Arabning asl ismlari sayyid Abdullohdir.Ul zoti sharif Yamanning hadramavt mavzesida taxminan 1461-yilda to‘g‘ilganlar.
    Sayyid Abdulloh Yamanning amiri bo‘lgan, lekin 22 yoshga kirganlarida, nogahon Mirga bir jazba (yani dillariga Alloh taolo ishqi) hosil bo‘lib, toju taxtning bahridan kechadilar va zohiri olamlarni tark etib, ko‘p mujohadalardan so‘ng Samarqanddagi “Xoja Kashfir” guzarida hazrat “Qutbul abror” Xoja Ahrorga ergashish nasib etgan va qisqa muddatda Xoja Ahrordan irshod xati olib pir darajasiga yetishadilar. Abdullohni “Mir Arab Yamaniy” deyishlariga sabab, u kishining millati,amirligi va tug‘ilgan joylariga ishoradir. Amirning oliy himmatiga ilmgohidir .
   Bul zot o‘z davrining piri murshidi bo‘lib, nakshbandiya tariqati rivojiga ulkan xissa ko‘shgan, ilmu irfonda o‘z davrining yagonasi bo‘lgan. Shayx har doim urushlar oldini olish, musulmonlar tinchligini muhofaza qilish yulida astoyidil harakat qilar edilar. Sohibkaromat, duosi ijobat zot Mir Arab har tomonlama barkamol shaxs edilar. Mir Arab O‘rta Osiyoga 1490 yilda kelgan va ko‘p yillar Sauron shahrida (Janubiy Qozog‘istonda) yashagan. Dastlabki yillardayok Buxoro bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Birinchi o‘zbek xoni Muxammad Shayboniyxon Movarounnahrda hokimiyatni o‘z qo‘l ostiga olgach, Mir Arab Buxoroda yuksak mavqeli shaxsga aylandi. Shayboniyxon Buxoroda vaqti-vaqti bilan tashkil qilib turgan diniy muhokama majlislarida Mir Arab ishtirok etgan. Bul zot o‘z davrining piri murshidi bo‘lib, nakshbandiya tariqati rivojiga ulkan xissa ko‘shgan, ilmu irfonda o‘z davrining yagonasi bo‘lgan edilar.
    Vosifiy “Badoye ul vaqaye” asarida yozishicha, Ubaydulloxonning piri Hazrat Mir Arab bulgan. Mir Arab Turkistonning Savron degan joyida korizlar qazdirib, suv chiqarganlar va ko‘p joylarni obod qilgan. Shofirkon, G‘ijduvonda (Buxoro viloyatida) kanallar qazdirib, bog‘lar barpo etgan. Shofirkondagi ariqni qazdirib Sultonxon arig‘i deb nomlaganlar. Zero Mir Arab uni Ubaydulloxon ibn Sultonxon nomiga qo‘ygan. Ayni shu kunlarda bu ariq bor, yana Shofirkon tumanida Miri Arab qalasi ham mavjud. U ziyoratgoh Mir Arabning qadamjolaridir. Vosifiyning aytishicha Ubaydulloxon Mir Arab sharaflariga Savron shahriga madrasa qurdirishni buyuradi, madrasaning oldida ikkita uzun minorasi bor edi, u ikki minora shu qadar go‘zal mahorat bilan qurilgan ediki, uni tashqaridan ko‘rganlarga xuddi tebranib turganday ko‘rinardi.
    Ma’lumki, 1512 yilda Eron shoxi Ismoil Safaviyning buyrug‘iga muvofiq Najmi Soniy boshliq 80 ming qizilboshlar Amudaryodan o‘tib Movarounnahrga hujum boshlaydi. Najmi Soniy deydiki, men Samarqandni yer bilan tep-tekis qilaman va shudgorlab, u yerda qovun undiraman. Ya’ni, kallalarni u yerda qator qilmoqchi bo‘lgan.
Najmi Soniy navkarlari shaharlarni birin-ketin ishg‘ol qiladi. Ubaydulloxon ham, Jonibeksulton ham undan qo‘rqib qochadi. Bu voqeani eshitib Mir Arab Turkistondan zudlik bilan Buxoroga keladilar va Ubaydulloxonga «Ey farzand! Siz vatanni himoya qiling! Nimadan qo‘rqasiz? Alloh sizga ulug‘ savobni ato qiladi!»-deydilar. Ubaydulloxon «Hazratim, axir uning 80 ming navkari bor, mening holim sizga ayon, Qanday qilib men uni yengishim mumkin?»- deydi mahzunlik bilan. Mir Arab «Ko‘p vaqt kichik qo‘shinlar katta qo‘shinlar ustidan g‘alaba qilur! Bu Alloh va’dasidur! G‘alaba berguvchi Alloh!»-dedilar. Mana shu gap ustida Karmanadan chopar keladi. Najmi Soniy Karmanani egallab, butun aholini qirganligi ma’lum bo‘ladi. Bu dahshatli xabarni eshitgan zahot Ubaydulloxon yig‘lab «Hazrat, pirim! Axir u vaxshiylarga qandok barobar bo‘lmoq mumkin? Ul zolim, beshafqatni qandok yengmoq mumkin?!»-deydi noumidlik bilan. Mir Arab deydilarki «Ey farzand! Qizilboshlarning bu zulmi o‘zlariga ziyondir. Zulm cho‘qqiga chiqdiki, albatta zavol topishi muqarrar! Demak Najmi Soniyning o‘limiga yaqin qolibdi! G‘alaba sizga muborak bo‘lsin! Qani ketdik! Hammani urushga boshlang!»-Mir Arab otga minib shohni jangga boshladilar. Mir Arab sharofatlaridan Jonibeksulton ham Najmi Soniyga qarshi jangga kiradi. 1512 yil G‘ijduvondagi to‘qnashuvda Najmi Soniy o‘ldiriladi, qizilboshlar mag‘lub bo‘lib, qochadilar.
    Madrasa tahsili 21-sentyabirdan to 21-martga qadar, ya’ni, olti oy davom etgan. Navro‘z arafasida xonning ta’til haqidagi qarmoni chiqqach, o‘qish tugatilgan va talabalar olti oy davomida ta’tilda bo‘lganlar. Bu paytda talabalar tirikchilik ishlari bilan shug‘ullanaganlar. Madrasalarda o‘qish bir haftada to‘rt kun, ya’ni, shanba, yakshanba, dushanba, seshanba kunlari bo‘lgan. Qolgan uch kunda, ya’ni, chorshanba, payshanba va juma kunlari mutolaa bilan shug‘ullanib, olingan saboqlar takrorlangan. Dars soat sakkizdan boshlanib soat o‘n ikkigacha davom etgan.
    Madrasa dasturiga ko‘ra, darslar ikki guruhga, ya’ni, ulumi naqliya (islomiy) va ulumi aqliya (dunyoviy) ilmlarga ajratilgan. Ulumi naqliyada- Qur’oni Karim, hadisi sharif, fiqh ilmlari, ularga yozilgan sharhlar o‘rgatilgan. Ulumi aqliyada dunyoviy fanlar-falakiyot, riyoziyot, ilmi nujum, al-jabr, kimyo. Giometriya, geografiya, tarix, falsafa. Adabiyot, mantiq, arab tili gramatikasi, musiqa, xattotlik san’ati va axloq-odob ilmlari o‘rgatilagn.
    Talabalar ona tilidan tashqari, fors va arab tillarini mukammal egallaganlar. O‘quv yili oxirida esa maxsus imtihonlardan o‘tishgan. Buxoro madrasalaarida asosan quydagi ilmlar o‘qirtilardi arab tilining sarfu nahvi mantiq, aqoidi islomiy (ilmi kalom), hikmat, fiqhi islomiy: tahorat, namoz, ro‘za, janoza, haj, zakot, nikoh, taloq, sovda sotiq, qul saqlash va qul ozod qilish kabi masalalari o‘rgatilgan.
     Shonli madrasa tarixi hamisha osuda kechmagan. Sovetlar davriga kelib diniy soxaga qattiq siyosat boshlandi. 1924-yiliyoq markazning buyrug‘i bilan O‘zbekistonda ishlab turgan deyarli barcha madrasa va masjidlar yopildi. Ko‘zga ko‘ringan ulamolar din arboblari soxta aybnomalar bilan qamoqqa olindi yoki olis yurtlarga badarg‘a qilindi. Ko‘plari jonini dinini asrash uchun vatanni tashlab chiqishga majbur bo‘lishdi. Ming yillar mobaynida bitilgan, o‘rganilgan, asralgan jild-jild nodir qo‘lyozmalar, kitoblar o‘tga yoqildi, suvga oqizildi, yerga ko‘mili. Hikoya qilishlaricha, Siratepadagi g‘isht zavodi bir oygacha kitob yoqib ishlatilgan ekan. Qur’oni Karimni o‘qib-o‘rganish u yoqda tursin, hatto uyda saqlash ham jinoyat hisoblanar edi.
    Buxorodagi Mir Arab bilim yurti va Toshkentdagi oliy madrasa rejalari asosan Maskovdan tasdiqlab berilar edi. O‘quv rejalariga tarix, geografiya va rus tili kabi fanlarni umumiy o‘rta maktablar hajmida kiritish va ularga diniy fanlardan ko‘ra ko‘proq dars soatlari ajratilishi shart edi. Garchi talabalar mazkur fanlarni o‘rta maktablarda o‘qigan bo‘lsalar ham, takror va takror o‘qishga majbur edilar. Diniy fanlar ikkinchi darajali hisoblanardi. Natijada talabalar din ilmidan "chala mulla" bo‘lib qolmasliklari uchun ba’zi fidoyi mudarrislar moddiy va ma’naviy qiyinchiliklarga qaramay, o‘z bilimlarini darslardan keyin ham shogirdlariga berishga harakat qilishar edi. Darhaqiqat, mudarrislar o‘z ishlariga fidoyi va e’tiqodda komil insonlar edi. Shuning uchun ham barcha qiyinchiliklarga bardosh berishgan. Mansabdor shaxslardan biri konibodomlik Mulla Safiyulloh ismli domlamizni soqolidan tortib ko‘pchilik oldida izza qilgani hamon yodimda. Shunday haqoratlarga qaramay, mudarrislar burchlarini sidqidildan ado etishgan . Ana shunday fidoyi insonlar singari Mir Arab madrasasidan mashhur olimlar yetishib chiqqan: Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon, Shayx Ismoil Maxdum, Shayx Yusufxon Shokir, Abdug‘aniy Abdullayev, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Muxtorjon Abdulloh Buxoriy, Abdurashid qori Abdulmo‘min qori o‘g‘li Bahromov shular jumlasidandir.
    Mir Arab madrasasi shonli tarixining yangi davridan hozirgi kungacha mingdan ortiq malakali diniy xodimlar tayyorlandi. Bu ilm maskanidan qo‘shni Respublikalarning Islom dini rivojiga ham sezilarli hissa qo‘shgan ko‘plab mashhur ulamolar yetishib chiqqan. Ular orasida Rossiya muftiylar kengashi Raisi Ravil Gaynutdin, Totoriston Respublikasi muftiysi Talgat Tojuddin, Ozorbayjon Respublikasi muftiysi Olloshukur Poshshozoda, Qirg‘iziston muftiysi bo‘lgan Kimsanboy Abdurahmonov hamda Turkmaniston muftiysi bo‘lgan Nasrulloxon kabilar bor. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy Usmonxon Alimov ham madrasamiz faxriy talabalaridan bo‘lganlar. Madrasa O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida bo‘lib, barcha ta’lim va tarbiyaviy ishlar idora hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha Qo‘mitaning ta’lim bo‘limlari tomonidan tasdiqlanadi. Hozirgi kunda o‘qiyotgan 100 dan ortiq talabaga ilm olish va yashash uchun barcha shart – sharoitlar yaratilgan.

     Mir Arab madrasasini butun olamga mashhur qilgan narsa hech mubolag‘asiz aytishimiz mumkinki, madrasadan yetishib chiqqan zabardast allamolar va ular meros qoldirgan buyuk asarlardir. Bu madrasada turli davrlarda olimlar, mudarrislar talim berib keldilar. Masalan yaqin asrlarda bu madrasada Ahmad Donish, Sadriddin Ayni, Muftiy Eshon Boboxonning ustozlari Miyon Buzruk ham shu yerda tahsil olib, keyin mudarrislik qilganlar. Shuningdek bu madrasada Eshon Boboxonning buxorolik suhbatdoshlari va muxlislari hamda naqshbandiya tariqati shayxlari Eshon Yahyoxon, Eshoni O‘roq ,Eshon Naqshbandxon, Abdulhaqq Maxdum, Eshon Sulaymonxo‘ja Orifiy, Zikriyo Maxdum, Qori Abdulhakim, Qori Abdurahim va Buxoroning bir qator ulamolari dars berganlar.
Bu madrasaning asrlar davomida ilm maskani bulib, ziyo nuri taratib kelayotganiga yana bir sabab bu madrasaga asos solgan ulug‘ zot naqshbandiya tariqatining ulug‘ piri      Miri Arab sayyid Abdulloh Yamaniyning sharofati va barokotlaridan desak hech mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Zero rivoyatlarda aytilishicha, shayx Mir Arab hazratlari, madrasa qiyomatgacha ilm va ta’lim maskani bo‘lib qolishligini so‘rab duo kilgan ekanlar. Bundan tashqari madrasa hovlisida Miri Arab sayyid Abdulloh Yamaniyning muborak jasadlari dafn etilgan. Alloh taoloning do‘sti bo‘lmish Mir Arab sharofatlari bois ushbu madrasada sakinat, ixlos, taqvo va ilm to Qiyomatga qadar boqiy qolajak!

 

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Faxriddin Muhammad Nosir

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216968
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24590
  • 19055
  • 12828
  • 15798