Komillikka yetaklovchi 40 sabab
5.11.2016 8535

1. Duo.

Gunohni tark etishga yordam beradigan va har bir muammoning hal bo‘lishida eng katta sabablardan biri duodir. Ey tavba qiluvchi erkak! Ey tavba qiluvchi ayol! Ey gunohlarni tark etishni xohlayotgan kishi! Qo‘llaringni duoni eshitadigan va baloni daf qiladigan Zotga ko‘tar! Shoyad Alloh sening sidqingni, ko‘z yoshlaringni, tazarru’laringni ko‘rib, senga yordam bersa, gunohlarni tark etishing uchun senga quvvat ato qilsa. Alloh taolo Qur’onda shunday degan: “Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar” (G‘ofir, 60).

2. Jiddu-jahd qilish.

Gunohni tark etish bir kecha-kunlduz orasida bo‘ladi, deb o‘ylama. Bu ish mujohada (qattiq jiddu jahd qilish)ni, sabrni, bardoshni talab etadi. Shuni bilki, qattiq jiddu jahd qilish gunohlarni tark etishdagi sidqingga (gunohlarni chindan ham tark etmoqchiligingga) dalolat qiladi. Alloh taolo Qur’onda shunday degan: “Bizning to‘g‘rimizda (yo‘limizda) jihod (jiddu jahd) qilganlarni, albatta, O‘z yo‘llarimizga hidoyat eturmiz. Albatta, Alloh ezgu ish qiluvchilar bilan birgadir!” (Ankabut, 69).

3. Gunohning oqibatini va natijasini bilish.

Agar sen gunohlarning oqibati haqida o‘ylab ko‘rsang, ularni tark qilishing oson bo‘ladi. Gunohlarning oqibatiga g‘am, alam, mahzunlik, mashaqqat, torlik, yolg‘izlik, Allohdan uzoqlashish, rizqdan, ilmdan, umrdan barakaning ketishi va hokazolarni misol qilib keltirish mumkin.

4. Gunohga olib boradigan sabablardan uzoqlashish.

Har bir ma’siyatning sababi bo‘ladi. O‘sha sabab kishini o‘sha gunohda davom etishiga olib keladi. Gunohga olib boradigan sabablarning hammasidan uzoqlashish o‘sha gunohni tark etishga yordam beradi.

5. Yomon sherikdan ehtiyot bo‘lish.

Ba’zi yoshlar gunohlarni tark etishni istashadi. Lekin og‘aynilari uni yana o‘sha gunohlarga undashadi. Hokim rahimahulloh o‘zining “Mustadrak” kitobida rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam “Kishi do‘stining dinida bo‘ladi. Sizlardan biringiz kim bilan do‘stlashayotganiga nazar solsin!”deganlar. Ya’ni kishi do‘stining siyratida bo‘ladi. Shuning uchun do‘stning yaxshisini, solihini tanlash kerak.

6. O‘limning to‘satdan kelishini esga olish.

Alloh taolo O‘zining kalomida shunday marhamat qiladi: “Har bir jon o‘lim(achchig‘i)ni totuvchidir” (Oli Imron, 185). Sen televizorda turli behayo narsalarni ko‘rib o‘tirganingda, o‘lim kelib qolishini hech o‘ylab ko‘rganmisan?! Sen namoz o‘qimay uxlab yotganingda, o‘lim kelib qolishini hech o‘ylab ko‘rganmisan?! O‘shanda nimani orzu qilasan? Alloh taolo Qur’onda shunday degan: “Toki ulardan(mushriklardan) birortasiga o‘lim kelganida: “Ey, Rabbim! Meni (yana hayotga) qaytaringiz! Shoyad, men tark etgan joyim (dunyo)da yaxshi amal qilsam”, – der”(Mu’minun, 99-100).

7. G‘assol yuvishini eslash.

Vafot etganingda g‘assol seni yuvish uchun xontaxta ustiga yotqizib qo‘yadi. Sen harakatsiz jasad bo‘lib yotasan. Ular seni u yoqdan bu yoqqa ag‘darib, harakatlantirishadi, yuvishadi.

8. Tobutga solinib, yelkalarga ko‘tarilishni eslash.

Yaqinda odamlar seni tobutga solib, yelkalariga ko‘tarishadi. Xo‘sh, o‘shanda quvvating qayerda bo‘ladi?! Yoshligingchi?! Takabburligingchi?! Do‘stlaringchi?! U kunda senga faqat solih amallaring foyda beradi.

9. Qabrga qo‘yilishni eslash.

Qabrga seni qo‘yishganda, ahling, do‘stlaring seni tark etishadi. Sen bilan faqat amallaring birga qoladi. Xo‘sh, o‘zing bilan birga qabringga kiradigan qanday amal qilding?! Qabringda senga hamroh bo‘ladigan amallar solih amallarmi yoki yomon amallarmi?! Senga qanday amallar hamrohlik qilishini istaysan?! Toat-ibodatlaringmi yoki ko‘rgan behayo narsalaringmi?!

10. Alloh taologa ro‘baro‘ bo‘lishni eslash.

Alloh taolo Qur’onda shunday deb marhamat qilgan: “(Barchangiz) Allohga qaytariladigan kundan (qiyomatdan) qo‘rqingiz!” (Baqara, 281). “O‘sha kunda sizlar (hisobot uchun Allohga) ko‘ndalang qilinursiz, sizlarning biror siringiz maxfiy qolmas” (Al-haqqo, 18).

11. Sirot ko‘prigidan o‘tishni eslash.

Bu jahannam ustiga o‘rnatilgan ko‘prik bo‘lib, qilichdan o‘tkir, qildan ingichkadir. Alloh taolo Qur’onda shunday degan: “Sizlardan har biringiz unga (jahannamga)tushuvchidirsiz. (Bu) Rabbingiz (irodasiga binoan) vojib bo‘lgan hukmdir”(Maryam, 71). Ba’zi mufassirlar “Bu yerda pulsirot ko‘prigi muroddir”, deyishgan.

12. Qiyomat kuni o‘rnatiladigan mezonni eslash.

Unda yaxshiliklar va yomonliklar tortiladi. U juda aniq mezondir. Alloh taolo shunday degan: “Biz qiyomat kuni uchun adolatli tarozilar qo‘yurmiz, bas, biror jonga zarracha zulm qilinmas. Agar xantal (o‘simligi) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amali) bo‘lsa ham, o‘shani keltirurmiz! Biz o‘zimiz yetarli hisob-kitob qiluvchidirmiz” (Anbiyo, 47).

13. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning havzlarini eslash.

Uning uzunligi bir oylik, kengligi ham bir oylik masofadir. U asaldan shirish, sutdan oq, miskdan xushbo‘ydir. Kim undan bir qultum ichsa, undan keyin abadiy chanqoqlik nimaligini bilmaydi. Sening gunohlaring o‘sha havzdan suv ichishingni man’ qilishi mumkin. Shuning uchun hoziroq gunohlarni tark et!

14. Dunyoning haqirligini, arzimasligini bilish.

Alloh taolo Qur’onda shunday degan: “Dunyo hayoti faqat aldov matohidir” (Hadid, 20). Qanday qilib arzimas, foniy dunyoni abadiy oxiratdan ustun qo‘yasan?! Qanday qilib kengligi osmonlaru yerchalik bo‘lgan jannatdan seni mahrum qiladigan gunohlarni sodir etasan?!

15. Kuchli iroda.

Gunohlarni tark etishing uchun sen kuchli iroda sohibi bo‘lishing kerak.

16. Allohning Roqiyb degan ismini eslash.

Alloh taolo Qur’onda shunday degan: “Albatta, Alloh sizlarni kuzatib turuvchidir” (Niso, 1). Alloh seni kuzatib turadi. Ahvolingni biladi. Harakatingni, qarashlaringni, nimalarni eshitayotganingni, qalbingdan nimalar o‘tayotganini biladi. Alloh taolo bu haqida shunday degan: “Alloh sizlarning dillaringizdagi narsani (ham) bilur” (Ahzob, 51). Agar nafsing seni gunohlarga undasa, nafsingga: “Albatta, Alloh meni ko‘rib turibdi” deb ayt!

17. Quyidagi hadisda aytilgan kishilardan bo‘lib qolishdan ehtiyot bo‘lish.

Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ummatimdan bir qavmlarni bilaman. Ular qiyomat kuni oqlikda Tihoma tog‘lariga o‘xshagan hasanotlar bilan keladilar. Bas, Alloh azza va jalla ularni sochilgan to‘zon kabi qilib yuboradi. Savbon aytdi: “Ey Allohning Rasuli, bizga ularni sifatini aytib bering. O‘zimiz bilmagan holimizda ulardan bo‘lib qolmasligimiz uchun ularni bizga ta’riflab bering”. U zot alayhissalom dedilar: “Ammo ular sizlarning birodarlaringiz. Sizlarning millatingizdan. Kechani sizlar qanday o‘tkazsangiz, ular ham shunday o‘tkazadilar (kechalarda qanday ibodat qilsangiz, ular ham shunday qiladilar). Lekin ular Allohning harom qilgan narsalari bilan xoli qolganlarida, ulardan saqlanmaydigan qavmdirlar”. Ibn Moja rivoyati.

18. A’zolarning o‘z sohibiga qarshi guvohlik berishini eslash.

Ey do‘stim! Biror ma’siyatni qilishdan oldin o‘sha gunohni sodir etishda ishtirok etadigan a’zolaring qiyomat kuni senga qarshi guvohlik berishini, seni sharmanda qilishini esla! Alloh taolo Qur’onda shunday degan: “Bugun Biz ularning og‘izlarini muhrlab qo‘ygaymiz. Bizga ularning qilib o‘tgan ishlari haqida qo‘llari so‘zlab, oyoqlari guvohlik berur” (Yasin, 65).

19. Farishtalar amallarni yozib borishini eslash.

Farishtalar amallaringni va so‘zlaringni yozib borishadi. Ruhing jasadingdan chiqqunicha ular barcha so‘zlaringni va amallaringni yozishda davom etadilar. Alloh taolo Qur’onda shunday degan: “Holbuki, sizlarning ustingizda (barcha so‘zingiz va ishingizni) yodlab turuvchi (farishtalar) bor. (Ular nomai a’molga) yozuvchi ulug‘ zotlardir. (Ular) siz qilayotgan ishlarni bilurlar” (Infitor, 10-12).

20.Gaplaridan oldin ko‘rinishlari, amallari manfaat beradigan kishilarni lozim tutish.

Chunki inson birga o‘tirgan kishilaridan ta’sirlanadi. Kishi birga yurgan kishisiga ergashadi, undan iqtibos oladi. Hokim rahimahulloh o‘zining “Mustadrak” kitobida rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam “Kishi do‘stining dinida bo‘ladi. Sizlardan biringiz kim bilan do‘stlashayotganiga nazar solsin!”deganlar. Ya’ni kishi do‘stining siyratida bo‘ladi. Shuning uchun do‘stning yaxshisini, solihini tanlash kerak. Arablarda “Sohib, do‘st o‘ziga tortuvchidir” degan maqol bor.

21. Gunohlardan tavba qilganlar bilan birga o‘tirib, ulardan gunohlarni qanday tark etganlarini so‘rash.

Chunki, ular sen qilgan gunohlarni qilib, keyin ularni tark etib, tavba qilganlar, gunohlarning yomon oqibatidan xabardor bo‘lganlar.

22. Bo‘sh vaqtlarni oxiratga va dunyoga foydasi bor bo‘lgan narsalar bilan to‘ldirish.

Masalan ibodat, ilm, zikr, sport, ziyorat, halol mehnat va hokazo. Bilgingki, bekorchilik vaqtni zoye qilish, og‘ishning boshlanishidir. Shuning uchun vaqtni foydali ishlar bilan o‘tkazishga harakat qilish kerak.

23. Qilingan gunohning o‘rniga solih amal qilish.

Hadislarda kishi bir gunoh sodir etib qo‘ysa, uning ortidan bir yaxshilik qilishga targ‘ib qilingan. Bu yaxshilik oldin qilingan gunohni yuvib yuborishi aytilgan.

24. Ilm talab qilish.

Chunki, ilm senga yo‘lni yoritadi va sen ilm orqali yaxshini yomondan ajratadigan bo‘lasan.

25. Otaning o‘rni.

Ota uydagi gunohga, fasod ishlarga sabab bo‘ladigan narsalardan, turli jihozlardan uyni poklashi kerak. Shu orqali oila a’zolarning gunohdan tiyilishlari oson bo‘ladi. Farzandlarga sof islomiy tarbiya berish ham otaning vazifasidir.

26. Ota-onaning farzandlar bilan aloqasi.

Ota-ona bilan farzandlar o‘rtasidagi muhabbat, do‘stlik, mehribonlik, bir-birini tushunishga asoslangan munosabatlar oila a’zolarning gunohlarni tark etishlarida katta ta’siri, o‘rni bor.

27. To‘kin-sochinlikdan tiyilish.

Chunki, dabdaba, isrof shaytonning yo‘llaridandir. Boylik esa ma’siyatga undovchi sabablardan biridir.

28. Da’vatchilarning gunohlarni tark qilnishidagi o‘rni.

Masjid imomlari, ulamolar, da’vatchilarning gunohlar tark etilishida katta o‘rnilari bor. Qanchadan qancha ulamolar, masjid imomlari o‘zlarining va’zlari, nasihatlari bilan kishilarning gunohlarni tark etishlariga va gunohlarning kamayishiga sababchi bo‘lganlar.

29. Gunohlarni tark etishning foydalari haqida o‘ylash.

Bu ish ham gunohlarni tark etishga yordam beradigan omillardandir. Inson gunohni tark etsa, ko‘plab foydalarni qo‘lga kiritadi. Masalan, qalbning poklanishi, ruhning salomatligi, bag‘rikenglik, Allohning muhabbati, jannatga kiruvchilar safidan joy olish va hokazo.

30. Gunohlar sababli halokatga duchor bo‘lganlarning qissalarini eslash.

Agar nafsing senga gunohlarni eslatsa, sen unga gunohlar ustida vafot etgan, tavba qilishga ulgurmaganlar haqidagi qissalarni eslat. Biri behayo film ko‘rayotib vafot etgan. Boshqasi namozni o‘qimay yurib vafot etgan. Yana biri fahsh qo‘shiqlarni, musiqalarni tinglab turib vafot etgan va hokazo.

31. Gunohlar sababli do‘zaxda azoblanishni eslash.

Alloh barchamizni do‘zax azobidan asrasin! Alloh taolo Qur’onda shunday degan: “Yuzlari olovda aylantiriladigan kunda, ular: “Koshki edi, Allohga itoat etganimizda, payg‘ambarga itoat etganimizda”, – derlar” (Ahzob, 66).

32. Tana a’zolarning ne’mat ekanini eslash.

Sen o‘z tana a’zolaring haqida, ularning ne’mat ekani haqida, qanchadan qancha insonlar qo‘lsiz, oyoqsiz, ko‘zsiz, quloqsiz, tilsiz yashayotganini o‘yla. Ular o‘sha yo‘qotgan a’zolari yana o‘rniga qaytishini, ko‘zlari bilan Alloh halol qilgan narsaga qarashni, tillari bilan Allohni zikr qilishni, quloqlari bilan Alloh halol qilgan narsalarni tinglashni, qo‘llari bilan Alloh rozi bo‘ladigan ishlarni qilib, oyoqlari bilan Alloh rozi bo‘ladigan joylarga borishni orzu qiladilar. Sen esa do‘stim, gunohlarni qilib, Allohning senga bergan tanangdagi ne’matlarni ma’siyatga ishlatyapsan. Ne’matning shukri qani?! Nega ularni U rozi bo‘ladigan ishlarga ishlatib, mazkur ne’matlarning shukrini ado etmaysan?!

33. Nega yaratilganini, dunyoda nega yashayotganini eslash.

Agar inson bu dunyoga nega kelganini eslasa, tafakkur qilsa, kelishidan maqsad nima ekanini anglab yetadi. Barchamizning bu dunyoga kelishimizdan maqsad – Allohga ibodat qilishdir. Alloh taolo Qur’onda shunday degan: “Men jinlar va insonlarni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Zariyat, 56). Do‘stim, sen o‘ynash uchun yaratilmading, balki Allohga ibodat qilish uchun yaratilding. Xo‘sh, sen shu maqsadni amalga oshiryapsanmi?! Yoki hayotingni o‘yin-kulguda zoye qilyapsanmi?!

34. Alloh taolo bilan bo‘ladigan muomalada, bog‘lanishda sodiq bo‘lish.

Bilgingki, agar sen Alloh bilan bo‘ladigan muomalada sodiq bo‘lsang, gunohlarni tark etishni chin yurakdan istab, harakat qilsang, Alloh taolo sening qalbingni ochib qo‘yadi. Senga jannat eshiklarini ochib qo‘yadi.

35. Ota-onadan gunohlarni tark etish borasida duo olish.

Sen ota-onangdan gunohlarni tark etish borasida duo ol. Chunki, ularning duolari ijobat qilinadigan duolardandir.

36. Shayton insonni yo‘ldan adashtirishni xohlashini bilish.

Ey inson, shayton seni yo‘ldan urishi, seni gunohlarga qaytarishi uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qiladi. Shuning uchun sen shaytonning yomonligidan Allohdan panoh so‘ra! Alloh taolo Qur’onda shunday degan: “Agar Sizni shayton tomonidan vasvasa tutmoqchi bo‘lsa, u holda Allohdan panoh so‘rang! Zero, U Eshituvchi va Biluvchi (zot)dir” (Fussilat, 36).

37. Sag‘ira gunohlarni tark etish.

Chunki, sag‘ira gunohlarni doim qiladigan kimsa oxiri kabira gunohlarni ham qilib qo‘yadi.

38. Johiliyatning barcha sarqitlarini uloqtirish.

Gunohlardan butunlay qutilishni istagan odam johiliyat sarqitlaridan butunlay voz kechishi kerak. Masalan, nomahram ayollarning rasmlarini tomosha qilishdan. U rasmlar jurnaldami, gazetadami, devorga chizilganmi, ko‘chalardagi reklamadami, televizordami, do‘konlar oynasidami, qayerda bo‘lsa ham, ularga nazar solishdan tiyilish kerak.

39. Hidoyat o‘zi kelmasligini bilish.

Bilgingki, hidoyat sening oldingga kelmaydi, balki o‘zing uni izlashing kerak. Unga yetish uchun harakat qilishing, uni qalbingda sobit bo‘lishi uchun tirishishing kerak. Hadisi qudsiylardan birida shunday deyilgan: “Ey bandalarim, barchangiz adashgansizlar. O‘zim hidoyat qilganlar bundan mustasno. Bas, Mendan hidoyat so‘ranglar, sizlarni hidoyat qilaman”.

40. Allohning azamatini his qilish.

Ba’zi salafi solihlar: “Ma’siyatning kichikligiga qarama. Lekin sen gunoh qilayotgan Zotning azamatiga, buyukligiga nazar sol. Agar nafsing seni ma’siyat qilishga undasa, sen nafsingga “Kimga isyon qilayotganingni bilasanmi?!” deb ayt” deyishgan. Sen isyon qilayotgan Zot shundayki, osmonlardagi va yerdagi hech bir narsa Unga maxfiy emas. U hamma narsani biladi. Bandalarining qalblaridagi narsalarni biladi. Sen isyon qilayotgan Zot shundayki, osmonlarning va yerning egaligi Unikidir. Sen isyon qilayotgan Zot shundayki, osmonlardagi va yerdagi barcha narsa Unga bosh egadi, koinotdagi barcha narsa Unga tasbeh aytadi.



Internet materiallari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216993
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24590
  • 19056
  • 12829
  • 15799