3.3.2017 14486

    Hazrat Umar (roziyallohu anhu) Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)dan: “Yo Rasululloh, o‘zimizni do‘zaxdan saqlaymiz, bu tushunarli. Ammo ahli oila va farzandlarimizni qanday saqlay olamiz?”, - deb so‘radi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Alloh sizni qaytargan narsalardan ularni ham qaytarasiz va ularni ham Alloh sizga buyurgan ishlarga undaysiz. Shu yo‘l bilan ularni do‘zaxdan saqlagan bo‘lasiz”, - deb javob berganlar.
   Keyingi vaqtlarda, ko‘plab munozaralarga sabab bo‘layotgan “Ko‘k kit”, “Kitlar dengizi”, “Tinch uy”, “F57”, “WinX”, “yugurasan yoki o‘lasan” (begi ili umri) va boshqa o‘yinlar haqida so‘z yuritishni lozim topdik.
   Afsuski, manfur maqsadli kimsalar, turli ijtimoiy tarmoqlar orqali yosh bolalar va o‘smirlarni shu turdagi o‘yinlarga jalb qilib, so‘z, video, rasm va musiqa, turli xildagi karaxt qiluvchi ovozlar orqali ularni tushkunlik holatiga tushirib qo‘yishmoqda. Natijada, bolalar bu o‘yindagi “qo‘g‘irchoqlar”ga aylanib, hattoki, o‘z jonlariga qasd qilishgacha borishmoqda.
   Bu kabi o‘yinlarni o‘ynash uchun ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi ayrim guruhlarga qo‘shilish lozim ekan. A’zo bo‘lish yoshi ham cheklangan bo‘lib, faqat maktab yoshidagi o‘spirinlar qo‘shila olarkan. Bu kabi guruhlarda, asosan, tushkunlik, hayotning og‘irligi, yashash qiyinligi, adolatsizlik, yaxshi ko‘rgan insonidan ajralib qolish, yetishmovchilik va shu kabi mavzularda, asosan salbiy suhbatlar uyushtirilib borilar ekan.
   Tabiiyki, bu turdagi mavzular atrofidagi suhbatlar, o‘yinlar, videolar, surat va qo‘shiqlar odamni tushkunlik holatiga tushirib qo‘yadi. Guruh a’zosi bora-bora ularni ko‘rib yashagisi kelmay qoladi. Guruhga a’zo bo‘lganlarga, ular boshqalardan farq qilishi, buni afsuski, atrofdagilar payqamasligi, “Kitlar uyi” (“Dom kitov”)da unga o‘xshaganlar yig‘ilishi, u yer “Tinch uy” (“Tixiy dom”) deb nomlanishi singdirib boriladi.
  A’zo bo‘lganlarga turli topshiriqlar beriladi, bajarilishiga qarab saralangach, kimdir o‘yindan chiqariladi, topshiriqni bajarganlar esa keyingi bosqichga o‘tadi. Shu tariqa 50 kun davomida turli xildagi topshiriqlar beriladi: kitni rasmini chizish, uni qo‘liga tig‘ (lezviya) yordamida o‘yib chizib rasmga yoki videoga olib suratini yuborish va shu tariqa o‘zini yuqori qavatdan tashlash, tomirini kesish yoki osish kabi topshiriqlar ketma-ket beriladi.
   Agar o‘yinchi o‘zini o‘ldirishdan bosh torsa, uni yaqinlari va ota-onasini o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishadi va uning manzilini aniq yozib yuborishadi. O‘smir esa, haqiqatan ham, uni kuzatishayotganiga, agar o‘zini o‘ldirmasa, yaqinlariga musibat yetishiga ishonadi, so‘ng joniga qasd qiladi...
   O‘yin asoschisi Filipp Lis taxallusi bilan tanilgan 22 yoshli yigit bo‘lib, u hayotidagi muammolar, qiyinchiliklar, tushkunligi bilan o‘rtoqlashib ijtimoiy tarmoqda postlar qoldirgan va unga ko‘pchilik e’tibor bergan. Keyinchalik, alohida guruh ochadi. Hozirda “Siniy kit” nomli guruhlar juda ko‘p. Lekin dastlabki ochilgan guruh yopilib, uning asoschisi qo‘lga olingan. Filipp Lis bilan surishtiruv ishlari olib borilganda, u bu o‘yinni shunchaki uning guruhiga obunachilarning soni (300 000 kishi bo‘lgan) ko‘p bo‘lishini xohlagani uchun ochganini aytgan. Shifokorlar tomonidan ruhiy kasal deb tashxis qo‘yilgani sababli, unga bor yo‘g‘i bir yillik qamoq jazosi tayin etilgan.
   Hozirda "siniy kit" nafaqat Rossiya, balki boshqa mamlakatlarda, xossatan, Markaziy Osiyo hududida ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu o‘yin yanvar oyidan boshlab Qozog‘iston va Qirg‘iziston hududida ommalashgan.
   Qirg‘iziston Ichki ishlar va Maorif vazirligi joriy yilning 1 fevralidan boshlab OAV orqali aholini ijtimoiy tarmoqlardagi “Ko‘k kit” o‘yining ayanchli oqibatlaridan ogohlantirmoqda. Yanvar oyidan boshlab ommalashgan ushbu o‘yin natijasida, 1 oy ichida 15 nafar o‘smir joniga qasd qilgan.
    Rossiya OAV bergan xabarga ko‘ra, bugungi kunga kelib, bu o‘yinlar sababli 230 nafar o‘smir hayotdan ko‘z yumgan. Bundan tashqari, yosh qizaloqlar o‘rtasida qiziqish bilan tomosha qilinayotgan “WinX klubi: sehrgarlar maktabi” nomli multfilm bundanda xatarlidir. Multfilm qahramonlariga taqlid qilishni xohlagan qizchalar, kechasi hamma uyquga ketgach, o‘rnidan turib, xonani 3 marta aylanib, parilardan uni olov parisi bo‘lishiga yordam so‘rab, so‘ng oshxonaga kirib, gazni yoqmasdan ochib qo‘yib, sehrli gazlar uchib ketmasligi uchun oyna eshiklarni mahkam yopishi kerakligi aytiladi. Undan tashqari shu faoliyatni amalga oshirayotganda uni hech kim ko‘rishi kerak emasligi, agar ko‘rgudek bo‘lsa, sehr uchib ketishi aytiladi. Aytilganlarni bajargach, o‘rniga borib uxlashi, uyg‘ongach u olov parisiga aylanishini va ucha olishini, bu uchun parilarga minnatdorchilik bildirishi kerakligi ta’kidlanadi. Bir o‘ylab ko‘ring-a, agar qizaloq bularni bajarsa, nafaqat o‘zi, balki uydagi odamlarning barchasi gazdan zaharlanib o‘ladi-ku. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: shu kabi o‘yinlarni o‘ylab topib, yoshlar ongiga singdirayotgan tuban insonlarning farzandlari yo‘g‘mikan?!
   Yana bir o‘yin haqida o‘qib, eshitib hayron bo‘lib qoldim. Nomi ham antiqa “Yugurasan yoki o‘lasan” (“Begi ili umri”). Rossiyada bugungi kunda haydovchilar o‘rtasida vahima bilan repost darajasiga yetgan postlardan biridir. Unda o‘quvchi yoshlar qilayotgan ishlarini telefonga muhrlab olishar ekan. Uni yo o‘rtog‘i yoki o‘zlari telefon kamerasini yoqqan holatda amalga oshirishar ekan. Yo‘lda harakatlanayotgan mashina yaqinlashganda o‘quvchi yo‘lni kesib yugurib o‘tadi, omadi kelib qolsa tirik qoladi yoki...
   Bu kabi ma’lumotlarni o‘qir ekanmiz, bolalarimiz ko‘z oldimizdan o‘tadi. Aldangan, shunday makkor va gunohga boshlovchi o‘yinlarga ishonib qolgan, shu o‘yinlar domiga tushib, muammoning yechimini faqat shu yo‘l bilan topish mumkin deb, hayotiga zomin bo‘lgan yoshlarga achinasan, kishi.
    Bu qanday o‘yin bo‘ldiki, inson hayoti bilan o‘ynashadi, ular kim bo‘ldiki, dunyodagi shuncha urush-janjal yetmagandek, yana norasida bolalar umriga zomin bo‘ladi. Ularning maqsadi nima o‘zi?!.

 

Mohira ZUFAROVA 

Xalqaro aloqalar bo‘limi mutaxassisi


Manba: www.muslim.uz 

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216418
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24554
  • 19012
  • 12795
  • 15758