KIBR VA TAVOZE’ BELGILARI
10.6.2017 5882

Kibr kishining shakl-shamoyilidan bilinib turadi. Mutakabbirlikni yuzdagi alomatlardan, nazar solishdan, boshni tutishidan, o‘tirishdan, ovozning ohangidan, qadam olishdan, barcha harakat va tinch turgan holatlardan bilib olish mumkin. Masalan:

– Odamlar uning atrofida yoki huzurida tik turishini yoqtirish ham kibrning belgilaridan.

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Kim do‘zax ahlidan bo‘lgan kishiga nazar solmoqchi bo‘lsa, o‘zi o‘tirib olib oldida odamlarni tik turgazib qo‘ygan odamga qarasin”, degan.

– Doim ortidan odamlarni ergashtirib yurishni xush ko‘rish ham kibrning alomatlaridan sanaladi.

Abu Dardo roziyallohu anhu shunday degan: “Modomiki, ortidan odam ergashtirib yurar ekan, banda Alloh taolodan uzoqlashaveradi”.

Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhuni qullardan ajratib bo‘lmasdi. Sababi u kishining tashqi qiyofasi qullardan unchalik farq qilmasdi.

– Din uchun foydali bo‘lsa-da, birovning ziyoratiga bormaslik ham kibrlanish sifatlaridan biridir.

Sufyon Savriy Ramlaga kelganida Ibrohim Adham uning oldiga odam yuborib, kelib bizga hadis aytib ber, degan. Savriy kelib iltimosni bajargan. Odamlar Ibrohim ibn Adhamga: “Ey Abu Ishoq, shunday ham qilasanmi?!” deyishganida, “Uning kamtarligini sinab ko‘rdim”, degan.

– Birovning yoniga o‘tirishni xohlamaslik ham kibrning ko‘rinishlaridandir.

Ibn Vahbdan rivoyat qilinadi: “Abdulaziz ibn Abu Ravvodning yoniga o‘tirdim. Uning soniga sonim tekkan edi, o‘zimni chetga oldim. U mening kiyimimdan ushlab o‘ziga tortdi-da: “Nima uchun menga jabborlarga qilganingizni qilasizlar?! Ichingizda mendan yomon odam borligini bilmayman!” dedi.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu moxov, pes va boshqa kasalmand odamlarni o‘z dasturxoniga o‘tkazar edi.

– Uyida xizmatini o‘zi qilmaslik ham kibru havoga dalolat qiladi.

Umar ibn Abdulaziznikiga kechasi mehmon keldi. U maktub yozib o‘tirgan edi. Chirog‘i o‘chib qolay dedi. Mehmon:

– Turib chiroqni to‘g‘rilab qo‘yaymi? – dedi.

– Mehmonni xizmatga qo‘yish odamning karamidan emas, – dedi Umar ibn Abdulaziz.

– Xizmatchiga bildiraymi? – dedi.

– U birinchi marta uxlab qolishi, – dedi-da, o‘zi turib chiroqqa moy to‘ldirdi.

– Ey, mo‘minlar amiri, o‘zingiz ovora bo‘ldingiz-a?!

– Borganimda Umar edim, qaytganimda ham Umarman. Mendan biron narsa kamayib qolmadi. Odamlarning yaxshisi kamtar bo‘lganidir, – dedi Umar ibn Abdulaziz.

– O‘ziga tegishli narsani uyiga o‘zi olib bormaslik ham kibrga kiradi. Kamtar odamlar bunday qilmaydilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam biron narsalarini o‘zlari uyga ko‘tarib borardilar.

Hazrati Ali roziyallohu anhu: “Komil er kishi uchun o‘z ahli ayoliga ko‘tarib borgan narsasi uning kamoliga putur yetkazmaydi” degan.

Imom Buxoriy “Al-adabul mufrad”da kiyimfurush Solihdan, u o‘z momosidan rivoyat qiladi: “Ali roziyallohu anhuning bir dirhamga xurmo olib, dastro‘moliga solib ko‘tarib ketayotganini ko‘rdim. Bir odam: “Ey, mo‘minlar amiri, sizning o‘rningizga men ko‘taray”, dedi. “Yo‘q, oila boshlig‘i o‘zi ko‘tarishi yaxshidir”, dedi amirul mo‘minin”.

– O‘zining molu davlati va uy joyini gapirib, odamlarga maqtanish.

Demak, o‘zini osmonda, boshqa odamlarni ilm, boylik, chiroy, nasabda o‘zidan pastda sanaydigan, odamlar ustidan kulib kamsitadigan, ayblaydigan kimsa mutakabbirdir.

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘lining “Kamtarlik va kibr” kitobidan

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216397
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24553
  • 19012
  • 12794
  • 15758