Ka’bani vayron etishga kim jur’at etadi?
9.11.2016 13258

    Ka’ba – Islom dinining ramzlaridan biridir. Har bir musulmon kishi umrida bir marta bo‘lsa ham ushbu muqaddas maskanni ziyorat etishni istaydi. Musulmon kishi uchun Ka’ba va Masjidul Harom hamda Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)ning masjidlari yer yuzidagi eng muqaddas joylar hisoblanadi. Shu bois ham har bir mo‘min kishining qalbida bu joylarga nisbatan yuksak ehtirom mujassamdir. Bundan tashqari bu joy to Qiyomatga qadar musulmon inson yuzlanuvchi qibla hisoblanadi.
   Ka’ba – Yer yuzidagi birinchi uy va u farishtalar tomonidan bunyod etilgan. Birinchi marta Ka’ba Odam (alayhissalom) tomonlaridan qayta qurilgan. Alloh taolo Qur’oni karimda aytganidek, u Allohga ibodat qilish uchun qurilgan birinchi imoratdir. Ibrohim (alayhissalom) Alloh taoloning buyrug‘iga ko‘ra, o‘g‘illari Ismoil (alayhissalom) bilan birgalikda Ka’baning devorlarini tikladilar, toki u mo‘minlarning ziyorat etadigan joyi bo‘lsin.

Ka’bani vayron etish

    Yuqorida aytib o‘tilganidek, Ka’ba sayyoramizdagi barcha musulmonlar uchun mo‘’tabardir. Va har bir mo‘min kishi uni himoya etishga tayyor. Biroq, musulmon kishi Ka’ba Qiyomatga qadar buzilishini birinchi marta eshitganida unda savol tug‘iladi: qanday qilib? Nahotki musulmonlar bunga yo‘l qo‘yib bersalar?!
    Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning hadislariga muvofiq, muborak Ka’bani kim buzishini aytib o‘tamiz. Rasululloh (alayhissalom) aytganlaridek, muqaddas Ka’baning buzilishi Qiyomatning alomatlaridandir. Ishonchli hadislarda kelishicha, bu ishni razil bir habashiy kimsa bajaradi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) shunday deganlar:



يخرب الكعبة ذو السويقتين من الحبشة



      “Ka’bani ingichka boldirli habash kimsa vayron qiladi”. Boshqa rivoyatda: “Men uning qop-qora, oyog‘i qiyshiq holda bitta-bittalab toshlarni ko‘chirayotganini ko‘rayotgandekman” , deganlari qo‘shimcha qilingan.



Bu qachon sodir bo‘ladi?



    Bu ish Qiyomat kuniga yaqin qolganda, Yer yuzida Allohni taniydigan, tan oladigan kimsa qolmaganida sodir bo‘ladi. Shu bois ham ular zamindagi birinchi ibodatgoh – Ka’bani tiklay olmaydilar.
   Buyuk olim Ibn Hajar al-Asqaloniy o‘zining “Fath al-Boriy” nomli kitobida muqaddas Ka’baning vayron etilishi borasida quyidagilarni aytadi: “Bu ishlarning bari Qiyomatga yaqin, Imom Muslimdan keltirilgan sahih hadisga muvofiq, Yer yuzida “Alloh, Alloh...” deydigan birorta ham kishi qolmaganida sodir bo‘ladi”.
   Shu o‘rinda ko‘pchilikda Qur’oni sharifning Ankabut surasi 67-oyati karimasiga asosan savol tug‘iladi. Unda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Ular o‘zlarining atroflaridagi odamlar qirg‘inga uchrab turgan bir paytda, Biz (Makkani) osoyishta haram qilib qo‘yganimizni ko‘rmadilarmi?! ”
    Yuqorida keltirib o‘tilgan fikrlarning birortasi ham ushbu oyati karimaga xilof emasdir. Birinchidan, Ka’ba aql bovar qilmaydigan ishlar ro‘y beruvchi Qiyomat qoyim bo‘lishidan avval buziladi. Ikkinchidan, buni Ka’bani e’zozlashi va Alloh taoloning ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarishi lozim bo‘lgan bebosh kishilar amalga oshiradilar. Uchinchidan, Makka o‘zining o‘tmishi davomida bir necha bor janglarga guvoh bo‘lgan. Misol tariqasida, hijriy V asrda qarmatiylarning Makkaga bosqinini keltirish mumkin. 317 hijriy yil hajning birinchi kunida ular musulmonlarga qarshi hujum qilib, ko‘plab mo‘minlarni taladilar hamda qatl etdilar. Ular Masjidul Harom va hattoki Ka’ba maydonida ham hojilarni o‘ldirishga jur’at qilishdi, Zam-zam bulog‘ining gumbazini buzib tashlashdi, Ka’baning yopinchig‘ini yulib olishdi.
    Bularning bari Qur’oni karimning muborak oyatiga zid emasdir, balki musulmonlar Alloh taoloning buyruqlariga itoat qilmay qo‘yganlarida U Zot ularga sinov, musibat yuborishiga dalolatdir. Yer yuzida “Alloh! Alloh!” deguvchi birorta ham kimsa qolmaganida Qiyomat qoyim bo‘lishini hatto tasavvur qilish naqadar og‘ir.
   Xo‘sh, bizdan nima talab etiladi? Kishilar orasidagi fitna alomatlarini ko‘rib, ishonchli manbalardan Qiyomat yaqin qolganida mo‘minlarga yanada qiyin bo‘lajagini bilib, qanday sabr qilish mumkin? Biz faqatgina Alloh taolodan Uning O‘zi biz musulmonlarni fitnalardan omon saqlashini so‘rashimiz lozim. Va albatta, anglashimiz lozimki, biz nimagaki yo‘liqsak, biz bilan nimaiki sodir bo‘lsa – bularning bari Yaratgandandir, negaki, U hamisha O‘zining bandalarini sinaydi.
    Allohning O‘zi bizlar, musulmonlar duch keladigan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tishga kuch bersin, Uning roziligiga yetishish yo‘lida ulkan sabrlarni ato etsin!




Xurshida Abdullayeva
“Ziyo” studiyasi muharriri

 

Manba: www.ziyo.uz 

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216990
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24590
  • 19056
  • 12829
  • 15799