G‘azablangan ilon taqdiri
9.1.2017 7182

    Alloh taolo Qur’onda shunday deb marhamat qilgan:

“Ular (mazkur taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladigan, g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar” (Oli Imron surasi, 134-oyat).

 

    Alloh taolo bu oyatda taqvodorlarning bir qancha sifatlarini zikr qilmoqda. Bular: farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-sadaqa qilish, g‘azabni yutish va odamlarning xato va kamchiliklarini afv etish. Oyatning oxirida bu sifatlarga ega bo‘lgan taqvodorlar muhsinlar ekanligi, Alloh taolo bunday muhsinlarni yaxshi ko‘rishini e’lon qilmoqda. Har bir inson bu oyatda aytilgan sifatlarni o‘zida shakllantirishga, shu sifatlar bilan bezanishga urinmog‘i lozimdir.
    G‘azabi kelganda g‘azabini yutish ham taqvodorlik belgisi ekan. G‘azabini ichiga yutuvchilar muhsinlar ekan. Alloh taolo g‘azabini ichiga yutuvchilarni yaxshi ko‘rar ekan.
    Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir hadisi shariflarida: “Sizlardan biringiz g‘azablanganida, tikka turgan bo‘lsa, o‘tirib olsin, shunda ham g‘azab undan ketmasa, cho‘zilib yotib olsin”, deganlar.
   Boshqa bir hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “G‘azab shaytondandir. Shayton esa, olovdan yaratilgandir. Olovni faqat suv bilan o‘chirgaysiz. Sizlardan kimki g‘azablansa, darhol tahorat olsin” deganlar.
    Hikoya qilinishicha, bir duradgor kech tushgach, taomlangani uyiga ketgandan so‘ng bir ilon uning ustaxonasiga kirdi. Duradgor odatda ba’zi asboblarini ish stoli ustida qoldirib ketaverardi. Shu jumladan, arrani ham.
    Ilon ustaxonaning u yer-bu yerida sudralib yurdi-da, stol ustida turgan arraning ustidan o‘tdi. Natijada, arraning tig‘idan uning jismiga yengil jarohat yetdi. Ilon sarosimaga tushib qoldi va arraning tig‘ini tishlashga urindi. Qarasa, og‘zining chetlaridan qon oqyapti. Ilon nimalar bo‘layotganini anglolmadi va o‘zicha “Arra menga hujum qilyapti” deb o‘yladi. Arraning “hujumi”dan o‘lishini bilgach, bor kuchini to‘plab, oxirgi marta unga qattiq tashlanishga qaror qildi. Ilon arrani butun jasadi bilan qattiq o‘rab, uni siqishga, bo‘g‘ishga urindi.
   Ertalab ustaxonaga kelgan duradgor ish stoli ustida turgan arrani va uning yonida o‘lib yotgan ilonni ko‘rdi. Ilonning o‘lishiga esa, o‘zining nodonligi va g‘azabi sabab bo‘lgan edi.

Xulosa 


   Gohida g‘azablangan paytlarimizda boshqalarga jarohat yetkazishga urinamiz. Vaqt o‘tgandan keyin esa, boshqalarni emas, o‘zimizni jarohatlaganimizni anglab yetamiz.
   G‘azab aqllarimizni egallab oladigan, qalblarimizni bog‘lab qo‘yadigan shayton bo‘lib, gapirayotgan gapimizni, qilayotgan ishimizni anglolmaydigan darajada gaplarimiz yoki fe’llarimizning telbevor bo‘lib qolishiga sabab bo‘ladi.
   Bas, shunday ekan, har doim, shu jumladan, g‘azablangan paytimizda ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning yuqorida keltirilgan sunnatlariga ergashaylik. Alloh taolodan mag‘firat so‘raylik, o‘rnimizni o‘zgartiraylik, tahorat olaylik. Toki aqllarimizni idora qila oladigan holga yetaylik. G‘azab kelgan ilk lahzalarda agar g‘azabimizni yengmasak, o‘zimizni ham, boshqalarni ham qattiq jarohatlab qo‘yamiz.
    Alloh taolo barchamizni g‘azabini tiyadigan taqvoli, muhsin bandalardan bo‘lishimizni, g‘azabi kelganda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qiladiganlardan bo‘lishimizni nasib qilsin, omin!


Nozimjon Hoshimjon tayyorladi


Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216920
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24589
  • 19054
  • 12827
  • 15797