ENG YaXShI QO‘ShNI
18.10.2017 4512

Dinimizda hamjihat bo‘lib yashash targ‘ib qilinadi va uzlat qoralanadi. Inson bu dunyoda albatta birov bilan qo‘shni bo‘lib yashashga majbur. Shunday ekan, har bir mo‘min Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisda maqtagan eng yaxshi qo‘shni bo‘lishga urinishi kerak.

 

Imom Buxoriy rahmatullohi alayh o‘z kitoblarida ota-ona, qavmu qarindosh va farzandlar bilan olib boriladigan muomala madaniyatiga oid boblardan keyin qo‘ni-qo‘shnilar bilan yaxshi muomalada bo‘lish bobini keltirganlar. Inson bolasi o‘zining kundalik hayotida, istaydimi-yo‘qmi, doimiy ravishda aloqada bo‘lib turadiganlardan biri bu uning qo‘shnisidir. Kishining hayoti osoyishtaligi, baxti, quvonchi ko‘pincha qo‘shni bilan kechadigan aloqalarga ham bog‘liq bo‘ladi.

 

Imom Ahmad keltirgan hadisda: Nofe’ ibn Abdulhoris roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

 

إِنَّ مِنْ سَعَادَةِ الْمُسْلِمِ الْمَسْكَنَ الْوَاسِعَ ، وَالْجَارَ الصَّالِحَ ، وَالْمَرْكَبَ الْهَنِيءَ

 

Musulmonning uch narsasi bo‘lsa, uning saodatidan dalolat qiladi: Keng hovli, yaxshi qo‘shni va qulay ulov

 

Umuman olganda har bir insonni bu dunyoda farog‘atda yashashligi uchun turar joyi keng bo‘lishi, ya’ni ahli oilasining barchasi sig‘ishi, sharoitlari keng va yashashi qulay bo‘lishi bilan belgilanadi. Shu bilan birga qo‘shnisi ochiq chehrali, ahil-inoq va beozor bo‘lishi va minadigan ulovi bo‘lsa, chiroyli, shinam va kamxarj bo‘lsa bu musulmoning baxtidandir.

 

Islom dini ta’limotiga ko‘ra qo‘shnichilikda millatning, dinining va nasabning ahamiyati yo‘q. Qo‘shni kim bo‘lishidan qat’iy nazar, uni hurmat qilish, haqqiga rioya qilish vojib, unga ozor yetkazish haromdir. Demak, har birimiz qo‘shnilarimizga yaxshi muomalada bo‘lishimiz va ularni haqlarini ado etishda o‘z mas’uliyatimizni his qilishimiz zarur ekan.

 

Imom Muslim keltirgan hadisda: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

 

« لاَ يَدْخُلُ الْجَنَّةَ مَنْ لاَ يَأْمَنُ جَارُهُ بَوَائِقَهُ ».

 

Yomonligidan qo‘shnisi omonda bo‘lmagan kishi jannatga kirmaydi”, dedilar.

 

Barchamiz Alloh taoloning jannatiga kirish uchun amal qilib yuribmiz. Shunday ekan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kishi o‘zining qo‘shnisiga ozor berib turgan bo‘lsa, jannatga kirmaydi deb ogohlantirib turibdilar. Ozor berish har qanday yo‘l bilan bo‘lsin farqi yo‘q. Tili bilanmi, qo‘li bilanmi, qurgan imorati bilanmi, uyidagi hayvoni bilanmi, o‘yinqaroq bolasi bilanmi, xoh ma’naviy, xoh iqtisodiy, xoh jismoniy bo‘lsin farqi yo‘q, qo‘shniga ozor yemasligi kerak.

 

Ulamolar qo‘shnini uchga bo‘lishgan. Ular quyidagilar:

  1. Bitta haqi bor qo‘shni u eng haqqi oz qo‘shnidir.
  2. Ikkita haqqi bor qo‘shni.
  3. Uchta haqqi bor qo‘shni. Bu esa eng ko‘p haqqi bor qo‘shnidir.

 

Endi bitta haqqi bor qo‘shniga kelsak, u musulmon bo‘lmagan qo‘shni.  Uning qo‘shnichilik haqqi bor xolos.

 

Ikkita haqqi bor qo‘shni esa u musulmon qo‘shni. Unda qo‘shnilik va musulmonlik haqqi bor.

 

Uchta haqqi bor qo‘shni esa musulmon qarindosh qo‘shnidir. Unda musulmonlik, qarindoshlik hamda qo‘shnichilik haqqlari bor.

 

Hasan Basriydan insonga kimlar qo‘shni bo‘la oladi, deb so‘ralganda, «Oldidan qirq hovli. Ortidan qirqta. O‘ngidan qirqta. Chapidan qirqta»,  degan ekan.

 

Shariat nuqtai nazaridan, o‘ng tomondan, chap tomondan, old tomondan va orqa tomondan qirqta xonadon qo‘shni hisoblanar ekan va ularda qo‘shnilik haqqi bo‘lar ekan.

 

Imom Buxoriy keltirgan hadisda: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

 

" وَاَللَّه لَا يُؤْمِن , وَاَللَّه لَا يُؤْمِن , وَاَللَّه لَا يُؤْمِن . قِيلَ : يَا رَسُول اللَّه , وَمَنْ هُوَ ؟ قَالَ : الَّذِي لَا يَأْمَن جَاره بَوَائِقه " .

 

 “Alloh taologa qasamki mo‘min emas! Alloh taologa qasamki mo‘min emas! Alloh taologa qasamki mo‘min emas!” deganlarida. Sahobalar tomonidan “ Kim mo‘min emas yo Rasululloh? dedilar.” Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Yomonligidan qo‘shnisi omonda bo‘lmagan kishidir,” dedilar.

 

Masalan: mashinangizni qo‘shningiz uyining eshigi oldida qo‘yib ketish, uyingizdan chiqqan axlat idishlarni uning xovlisining oldiga qo‘yish, uyingizdan chiqayotgan chiqindi suvlarni qo‘shningizning xovlisi tomon qaratib qo‘yish, qo‘shningizning xovlisi ko‘rinib turadigan darajada uyingizdan deraza ochib qo‘yishingiz, qo‘shningiz uxlayotgan yoki dam olayotgan paytda bolalaringizni shovqin-suron ko‘tarib unga xalaqit berishlari, birorta qo‘shiq yoki musiqani baland ovozda qo‘yib, qo‘shningiz xalovatini buzishingiz, bolalaringiz qo‘shningizning bolalarini urib, haqorat qilib, ularga aziyat berishlari kabi ko‘rinishlardagi aziyat va zararlardan saqlanish kerak.

 

Alloh barchamizga qo‘shnichilik haqlariga chiroyli amal qilib, eng yaxshi qo‘ni degan nom bilan qiyomat kunida tirilishimizni nasib aylasin!

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

 

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216281
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24539
  • 19000
  • 12790
  • 15754