Allohga suyukli bandalardan bo‘laylik!
17.1.2017 5076

   Ma’lumki, har yili yurtimizda hukumatimiz tomonidan yilga nom berish an’anaga aylanib qoldi. Bu yil ham shu an’ana davom ettirilib, 2017 yilga yurtimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” degan nom berildi. Albatta, bu yilga bunday nom berilishi xalqimiz tomonidan quvonch bilan kutib olindi.
    2017 yilga bunday nom berilishida katta ma’no bor. Zero, inson boshqalarning foydasini ko‘zlashi, ularning manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘yishi, boshqalarga xizmat qilishi maqtalgan ishdir. Dinimizda insonlar bir-birlariga yordam ko‘rsatishlari, qo‘llaridan kelgan xizmatlarini bir-birlariga taqdim etishlari buyurilgan.
    Alloh taolo Qur’onda shunday deb marhamat qilgan: “Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz” (Moida surasi, 2-oyat). Demak, insonlar bir-birlari bilan yaxshi ishlarda, yurt uchun, xalq uchun, o‘zlari va oilalari uchun foydali bo‘lgan ishlarda, solih amallarda hamkorlik qilishlari lozim ekan.
    Hadisi shariflarda bir-biriga yaxshilik qilish, insonlarga xizmat qilish ko‘p zikr etilgan va shunga targ‘ib etilgan. Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taologa insonlarning eng suyuklisi – odamlarga eng ko‘p manfaat keltiruvchisidir”, dedilar”. Imom Tobaroniy rivoyat qilgan.
    Demak, odamlarga eng ko‘p manfaat keltiruvchi kishi Alloh taologa eng suyukli banda hisoblanar ekan. Hammamiz shu hadisda aytilganidek, Allohning eng suyukli bandasi maqomiga erishish uchun qo‘limizdan kelganicha insonlarga manfaat keltiraylik. Ularning og‘irini yengil qilishga, yumushlarini bajarishga harakat qilaylik.
Dinimiz bizni bir tanu bir jon bo‘lib, jips bo‘lib yashashga, bir-birimiz bilan aka-ukadek muomala qilishga buyuradi.
Nu’mon ibn Bashir roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning bir birlariga mehr-muhabbat, rahm-shafqat va mehribonligining misoli xuddi bir jasad kabiki, uning birorta a’zosi og‘risa, jasadning qolgan (a’zolar)i uning uchun bedorlik hamda isitma ila bezovta bo‘lishadi”, dedilar. Muttafaqun alayh.
Demak, mo‘min kishi o‘zining dindoshi bilan muomala qilishda xuddi bir jasad kabi bo‘lishi kerak ekan. Uning qanday muammosi, yumushi borligidan xabardor bo‘lib, qo‘lidan kelganicha yordam berishi, xizmatlari bo‘lsa bajarishi lozim ekan. Mo‘min kishi beparvo, loqayd bo‘lmasligi kerak. O‘zining dindoshlari holidan doim xabardor bo‘lib turishi kerak.
     Alloh taolo Qur’onda shunday deb marhamat qilgan: “...Bas, xayrli (savobli) ishlarda (bir-biringizdan) o‘zishga oshiqingiz!... ” (Moida surasi, 48-oyat).
     Alloh taolo bu oyatda bandalarini yaxshi ishlarda bir-birlari bilan musobaqalashishga buyurmoqda. Insonlarga manfaat keltirish, ularning xizmatini qilish eng savobli ishlardandir.
    Barchamiz bu ishni qilibgina qolmay, balki, bu ishda bir-birimiz bilan musobaqa qilaylik. Shunday solih amallarni qilishga shoshilaylik. Pulimiz bo‘lsa pul bilan, pulimiz bo‘lmasa qo‘l mehnati bilan, unga ham imkonimiz bo‘lmasa, duo qilish bilan bir-birimizga yordam beraylik. Yon qo‘shnimiz och bo‘la turib, o‘zimiz to‘q holda uxlamaylik. Qarindoshlarimiz orasida faqir, moddiy imkoniyati kam kishilar bo‘lsa, qo‘limizdan kelgan yordamni ulardan ayamaylik. Zero, bu silai rahm qilish bo‘lib, u savobi va foydasi ko‘p amallardandir. Bunda ehson qilganimizga bir savob, qarindoshlik aloqasini mustahkamlashga uringanimizga yana bir savob beriladi.
      Mo‘min kishi dindoshlarining og‘irini yengil qilishga urinar ekan, Alloh taolo uning og‘irini yengil qilib qo‘yadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘mindan dunyo g‘am-tashvishlaridan bir g‘amni ketkazsa, Alloh undan Qiyomat kuni g‘amlaridan bir g‘amni ketkazadi. Kim bir qiynalgan kishiga yengillik qilsa, Alloh unga dunyo va oxiratda yengillik qiladi. Kim bir musulmonning (aybini) berkitsa, Alloh taolo dunyo va oxiratda uning (aybini) berkitadi. Banda o‘z birodariga yordam qilsa, Alloh taola unga yordam qiladi. ...”, dedilar. (Imom Muslim rivoyat qilgan).  
    Barchamiz ushbu hadisga amal qilib, bir-birimizdan dunyo tashvishlaridan birortasini ketkazishga, qiynalgan kishilarga yengillik qilishga, dindoshlarimizning biror xato, ayblarini berkitishga, ularga yordam qilishga harakat qilaylik. Shunda Alloh taolo bizlardan Qiyomat kuni g‘amlarimizdan birini ketkazadi, U Zot bizga dunyo va oxiratda yengillik qiladi, U Zot bizning dunyo va oxiratda ayblarimizni berkitadi, U Zot bizlarga yordam qiladi.   

     Alloh taolo bizni bir-biriga yordam beradigan, bir-birining og‘irini yengil qiladigan, bir-birining ayblarini berkitadigan, bir-biriga qo‘lidan kelganicha yaxshilik qiladigan bandalaridan qilsin! Insonlarga eng ko‘p manfaat keltirib, O‘zining eng suyukli bandalaridan bo‘lishimizni nasib etsin!
   

Muhibbulloh Xudoyberdiyev
O‘zbekiston musulmonlari idorasining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi vakili, To‘raqo‘rg‘on tumani “Qo‘chqor ota” jome’ masjidi imom xatibi

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216300
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24550
  • 19003
  • 12792
  • 15756