Rasulullohga muhabbat!
10.8.2016 8263

    Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat qo‘yib, Ul zotga jon-u mollarini fido etib, jonbozlik bilan ardoqlashda, bashar uchun, shak shubhasiz sahobalar buyuk namunadirlar. Ularning har bir sa’y harakatlari to qiyomatgacha kelgusi odamizot uchun ibrat bo‘lib qolaveradi. Sahobalardan keyin esa yana shunday zotlar Rasulullohga oshiqlik “sahnasiga” chiqdilar. Ular endi Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ko‘rmasdan u zotga muhabbat qo‘yish, yana u zotga itoatlarini namoyon etishda o‘zlaridan keyingi insolar uchun dars o‘tib ketishdi go‘yo. Quyida, ana shunday buyuk zotlarning buyuk muhabbatlari haqida so‘z ketadi.
    Imom Molik rahmatullohi alayhdan so‘rashdi: “Siz qachondan boshlab Ayyub Acsuxtiyoniydan hadis eshitadigan bo‘lgansiz?” Imom Molik javob berdilar: “Men ilgari hech ham undan hadis tinglamasdim. Lekin qachonki uning huzurida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nomlari zikr qilinsa, u shunchalik yig‘lardiki, hatto unga rahmim kelardi. Men uni Rassulullohga shunchalik ehtiromini ko‘rib undan hadis tinglaydigan bo‘ldim!
    Salafi solihlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan bu darajada ehtiromari ulaning tabiatlari edi go‘yo. Zero ular Nabiy alayhissalomning qadri va darajalarini bilardilar. Va o‘zlaridan qay darjada afzal ekanliklarini his etardilar. Bu haqda Imom molik rahmatullohi alayh bir qancha ustozlaridan ko‘rgan holatlarga nazar solamiz. Mus’ab ibn Abdulloh rahmatullohi alayh aytadilar: Agar Molikning huzurida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar uning rangi o‘zgarib, qaddi bukilib qolardi. Bu hammajlislariga og‘ir botardi. Bir kuni u zotdan bu holatlari haqida so‘raldi. Shunda u kishi quydagicha javob berdilar: “Sizlar ham mening ko‘rganlarimni ko‘rganingizda edi, mendagi holatni malol ko‘rmasdingiz. Men Muhammad ibn Almunkadirni shunday holatda ko‘rardim. U qorilar sayyidi edi. Biz undan qachonki biror hadis haqida so‘rasak, u shu darajada yig‘lardiki, hatto unga rahmimiz kelib ketardi. Ja’far ibn Muhammadni ham shu holatda ko‘rardim. U hazilkash, ser tabassum kishi edi. Lekin uning oldida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar uning rangi oqarib ketardi. Uni biror marta tahoratsiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqida gapirganini ko‘rmaganman. Abdarrahmon ibn Qosim Rasulullohniing haybatlaridan agar Nabiy alayhissalomni zikr qilgan vaqtda uning yuziga qaralsa, huddi undan qon oqayotgandek bo‘lib qolar va tili qurib qolar edi. Yana Omir ibn Abdulloh ibn Zubayrning oldiga qatnardim. Qachonki uning huzurida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar, yig‘layverib ko‘zyoshlari qurib qolardi. Zuhriyni ham ko‘rganman. U aslida insonlar bilan chiqishimli, ularga yaqin odam edi. Lekin uning oldida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar, siz uni tanimayidigan va u sizni tanimaydigan holatga tushib qolardi. Safvon ibn Sulaymning oldiga ham qatnardim. U mujtahid tobe’inlardan edi. Agar uning huzurida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar yig‘lardi. U yig‘idan to‘xtay olmas, hatto atrofidagi kishilar tarqalib ketishardi!” 

   Hasan Basriy rahmatullohi alayh qachonki, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ayrilganida yig‘lagan to‘nka haqidagi hadisni aytsalar, odamlarga qarata: “Ey Allohning bandalari! Bir yog‘och Rasululloh sollalohu alayhi vasallam uchun, u zotning Alloh taolo bergan martabasi uchun shavq va alam bilan yig‘layapti! Albatta sizlar undan ko‘ra g‘am-alam chekishga haqliroqsizlar!”, derdilar.
   Salafi solihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni vafotlaridan keyin sahobalar ul zotni hayotliklarida ulug‘lab, hurmat qilganlaridek hurmatlar edilar. Ul zotning masjidlarida ham ovozlarini baland ko‘tarmasdilar. Soib ibn Yazid rahmatullohi alayh rivoyat qiladilar: “Masjidda turgandim, shunda bir kishi menga tosh otdi, qarasam, Umar ibn Xattob ekan. U menga: “Bor, ana u ikkilasini oldimga olib kel!”, dedi. Men ularni olib keldim. Umar ularga: “Kimsizlar yoki qayerdansizlar?”, deb so‘radi. Ular: “Toif ahlidanmiz.”, deyishdi. Shunda Umar ibn Xattob: “Agar shu shahar ahlidan bo‘lganingizda albatta sizlarni jazolar edim! Rasulullohning masjidida ovozingizni ko‘tarasizlarmi?!!!”, dedi. Ba’zi tobe’inlar hadis majlislarida ovoz ko‘tarishni huddi Rasulullohning huzurlarida ovoz ko‘tarishdek hisoblardilar. Chunki hadis ul zot alayhissalomning so‘zlaridir. Hammod ibn Zayd rohimahulloh aytadilar: “Ayyub Assuhtiyoniynig oldida edik. U hadis aytayotgan edi. Shu payt shovqin eshitildi. Shunda u: “Bu qanday shovqin? Nima, ular Rasulullohning hadislari zikr qilinayotganida ovoz ko‘tarish huddi hayotliklarida u zotning oldilarida ovoz ko‘tarishdek ekanini bilmaydilarmi?!”, dedi.
    Salafi solihlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga hurmatlari o‘z tashqi ko‘rinishlariga e’tibor berishlarida ham aks etardi. Agar ular hadis aytmoqchi bo‘lsalar ko‘rinishlarini tuzatib, go‘zal suratda bo‘lishga intilishar va farzandlarini ham shunga ko‘ra tarbiya qilardilar. Abu Salama Xazo’iy aytadilar: “Molik ibn Anas agar hadis aytgani chiqishni iroda qilsa, huddi namozga tahorat olgandek tahorat qilardi, kiyimlarinig eng chiroylisini va bosh kiyimini kiyib, soqolini tarardi. Undan buning boisi so‘ralganida: “Men bu bilan hadisni hurmatlayman.”, deb javob berardi. Ahmad ibn Sinon Vaki’ ibn Jarohning hadis halqasidagi holat haqida gapirib shunday deydi: “Uning majlisida gaplashilmasdi. Kalam uchlanmas, tabassum ham qilinmasdi. Biror kishi tik turmasdi. Uning majlisidagi insonlar go‘yo namozda turgandek turardilar. Agar Vaki’ o‘zi uchun o‘tirganlarning birortasidan yoqimsiz biror bir narsani ilg‘asa, oyoq kiyimini kiyib, xujrasiga kirib ketardi”.
   Imom Molik Abu Hozimning oldidan o‘tib ketayotgan edilar. U hadis aytayotgan edi. Imom molik esa to‘xtamay o‘tib ketdilar. U kishidan buning sababi so‘ralganida: “Men o‘tirishga joy topolmadim. Rasulullohning hadislarini tik turib qabul qilishni istamadim.”, deb javob berdilar.
     Muhammad ibn Sirin rohimahulloh gaplashib, kulishib o‘tirardilar, agar suhbatlariga ko‘ra hadis kelib qolsa xushu’lik bo‘lib qolardilar.
   Sa’id ibn Musayyab rohimahulloh betob bo‘lib, yonboshlab yotgan edilar. U kishidan bir hadis haqida so‘ralgandi darhol o‘tirib oldilar. Shunda: “O‘zingiz kasalsiz. Joningizni qiynamasangiz ham bo‘lardiku”, deyishdi. U zot esa: “Yonboshlagan holda Rasulullohdan hadis aytishni istamadim”, dedilar.
   Ibn Muborak rahimahulloh yurib ketayotganlarida u kishidan bir hadis haqida so‘rashdi. U kishi esa: “Bu - ilmga nisbatan hurmatsizlik!”, dedilar.
   Bu zotlarning Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ulug‘lab, muhabbat bilan hurmat ko‘rsatishgani haqida ko‘plab, ajoyib xabarlar bor. Shunday voqealardan yana biri Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh bilan sodir bo‘ldi. Abbosiylar halifaligidan uchtalari – Mamun, Mu’tasim va Vosiq birin ketin almashdi. Ularning har uchalasining davrida ham Imom Ahmad Qur’onning maxluq yoki g‘oyrimaxluqligi xaqidagi fitnalar natijasida zindonbandlik va boshqa qistovlar bilan og‘ir imtihon qilindilar. Lekin bu qiynovlar u zotni avvalgi holatlaridan zarracha o‘zgartirmadi. U zot haqda sobit turdilar. U kishini Vosiqning majlisiga qo‘llari kishanlangan holda olib kirishdi. Imom Ahmad rohimahulloh shu holatlarida ular bilan bahslashib ularni yengdilar. Hujjatlarini yo‘qqa chiqarib, makrlarini barbod qildilar. Shu on Alloh taolo xalifa Vosiqning qalbini ochdi. U imomning sodiqligini, haq uzra turganligini bildi va qo‘lidagi kishanlarni yechishlikka buyruq berdi. U zotning qo‘lini yechishganda imom Ahmad arqonni o‘zlariga oldilar. Shunda zindon noziri arqonni u kishidan tortib oldi. Vosiq esa arqonni imomga qaytarib berishni buyurib u zotdan uni nega olganini so‘radi. Ahmad ibn Hanbal rohimahulloh: “Men u bilan Qiyomat kunida Alloh taoloning huzurida menga zulm qilganlar bilan husumatlashaman. Va: “Ey Robb! Mana bu bandangdan so‘ra; nima uchun meni ustimda vojib bo‘lmagan haq bilan meni kishanlashdi, oilamni va birodarlarimni qo‘rqitishdi?!!! ”, deyman”, deb yig‘ladilar. Bu gapni eshitib Vosiq ham o‘sha yerdagi odamlar ham yig‘lashdi. So‘ng Vosiq Ahmad ibn Hanbaldan bu da’vosidan kechib, uni ko‘nglini hotirjam qilishini so‘radi. Imom Ahmad rohimahulloh esa: “Ey Mo‘minlar amiri! Agar siz Rasululloh sollallohu alayhi vsallamning ahllaridan bo‘lsangiz, ul zotning hurmatlaridan men sizdagi barcha haqqimdan kechdim!”, deb javob berdilar.
    Alloh taolo bizlarga ham shundayin chin muhabbat taftini tuyishni nasib etsin! Rasulullohga salovat va salomlarimizni yetkazsin!



Internet ma’lumotlari asosida “Mulla Abdug‘affor hoji” jome’ masjidi imom xatibi Ikrom Karimov tayorladi

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 215901
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24506
  • 18966
  • 12768
  • 15730